Kitobman.uz - O'zbekiston Kitobxonlari

Amallar niyatga bog‘liqdir

Dastlab Islomning madori bo‘lgan mazkur hadislardan bir nechasini birdaniga sharh qilish niyati bor edi. Ammo birinchi hadis – «Albatta, amallar niyatlarga bog‘liqdir» hadisini sharh qilish davomida ushbu hadisning o‘zi sharhi bilan alohida bir kitob qilinishi yaxshiroq ekaniga to‘la ishonch hosil bo‘ldi.

81 O'qimoqchi
 
0 o'qiyapti
 
4 o'qigan
 
0 Taqriz
Keyingi asrlarda hadislar atroflicha o‘rganildi, bu sohada turli yo‘nalishlar paydo bo‘ldi, son-sanoqsiz kitoblar yozildi, sharhlar bitildi, tarjimalar qilindi. Jumladan, hadislarning turlari aniqlandi, ularni ruhiy tarbiya mashoyixlari o‘z yo‘llari bilan, faqihlar o‘z yo‘llari bilan, tarixchilar o‘z uslublari bilan, boshqa sohalarning olimlari ham o‘z sohalariga xos yo‘l va uslublar bilan batafsil o‘rgandilar. Sahih hadislarni alohida, hadisi qudsiylarni alohida, vaʼz-nasihatga oid hadislarni alohida, ilmga oid hadislarni alohida, silai rahmga oid hadislarni alohida va shunga o‘xshash boshqa sohalarga tegishli hadislarni ham alohida o‘rganish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, baʼzi hadisi shariflarga alohida nom qo‘yish, ularning boshqa hadislardan ajralib turishini taʼkidlash odatlari ham yuzaga keldi. Kamina xodimingiz o‘zining hadisi sharifga oid asarlarini bitish davomida ulug‘ olim va muhaddislarimizning maʼlum bir hadisi shariflarni «Islomning madori» deb nomlaganlarini mulohaza qildi. Misol uchun, imom Navaviy o‘zining «Sahihi Muslim»ga yozgan sharhida «Din nasihatdir» hadisi xususida: «Bu hadisning shaʼni ulug‘dir. U Islomning madoridir», degan (2-juz, 37-bet). Imom Abu Dovud rahmatullohi alayhi esa «Albatta, amallar niyatlarga bog‘liqdir» hadisi xususida shunday deydi: «Bu hadis Islomning madori bo‘lgan hadislardandir. Insonning dini uchun to‘rtta hadis kifoya. Ular: 1. «Albatta, amallar niyatlarga bog‘liqdir». 2. «Birortangiz toki o‘zi yaxshi ko‘rgan narsani birodariga ham yaxshi ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi». 3. «Kishining Islomi go‘zal bo‘lishi o‘zi uchun behuda narsalarni tark qilishidadir». 4. «Albatta, halol ochiq-oydindir, harom ochiq-oydindir», hadislaridir». Boshqa ulamolar mazkur hadislarga yana boshqa hadislarni qo‘shib, «Islomning madori» deb atalgan hadislarni ko‘paytirganlar. “Mador” so‘zi arab tilida asosan bir narsaning o‘z o‘qi atrofida aylanish doirasiga ishlatiladi. Shu bilan birga, o‘zak, asos, g‘olib, qoida kabi maʼnolarni ham anglatadi. Mazkur hadisi shariflarning «Islomning madori» deb atalishi ularning Islomning asosini, o‘zagini, g‘olib taʼlimotlari hisoblangan maʼnolarni o‘z ichiga olgani uchundir. Bizning tilimizda “mador” so‘zi kuch-quvvat, tayanch maʼnolarini anglatadi. Ushbu hadisi shariflarga nisbatan ushbu maʼnolarni ham ishlatish mumkin. Shu kungacha hadisi shariflarga oid bir nechta asarlar taʼlif qildik. Ularni yozish davomida yuqorida zikr etilgan hadislardan baʼzilari, xususan, «Albatta, amallar niyatlarga bog‘liqdir» va «Halol ochiq-oydindir. Harom ochiq-oydindir» hadislari ham sharh qilindi. Ushbu jarayonda ulamolarimiz bu hadisi shariflarni bejizga «Islomning madori» deb atamaganlariga to‘la ishonch hosil qildik. Shu bilan birga, ulardan baʼzilarini jamlab, sharh qilish niyati ham tug‘ildi. Bu niyat ko‘p yillar davomida niyatligicha qolib keldi. Va nihoyat, ushbu kunlarda Alloh taolo o‘sha eski niyatni amalga oshirishni ko‘ngilga soldi. Ikki rakat namoz o‘qib, Alloh taoloning O‘zidan yordam so‘ragan holda bu xayrli ishga qo‘l urishga jurʼat qildik. «Islomning madori» deb nomlangan hadisi shariflarni sharh qilishda odatdagidek, katta ulamolarimizning yo‘llari va uslublarini tutdik. Avval hadisi sharifning arabcha matnini keltirdik. Zotan, oyati karima va hadisi shariflarni arab tilidan boshqa tillarga tarjima qilishda ulamolarimiz qo‘ygan asosiy shartlardan biri ham avval arabcha matnni keltirishdir. Keyin hadisi sharifning matni so‘zma-so‘z tarjima qilindi. So‘ngra hadisni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan sahobiyning qisqacha tarjimai holi keltirildi. Bu ham muhaddislarimizning eng mashhur odatlaridan biridir. Ular hadisning o‘zlarigacha yetib kelgan yo‘lidagi barcha roviylarning tarjimai hollarini beradilar. Biz faqat sahobiy roziyallohu anhuni olganimiz uchun bir kishining tarjimai holi bilan kifoyalandik. Keyin hadisning jumlalarini sharh qilishga o‘tdik. Oxirida har bir hadisdan olishimiz mumkin bo‘lgan foydalarni eslab o‘tdik.
Kitob nomi: Amallar niyatga bog‘liqdir
Kitobning asl nomi: Amallar niyatga bog‘liqdir
Nashr qilingan til: O'zbekcha
Kitobning asl tili: O'zbekcha
Formati: Yumshoq / 184
ISBN: 9789943703506
Nashr yili: 2021
Nashriyotchi: Hilol nashr
Seriya: 0
Yosh chegarasi: 16 dan 70 gacha

Taqrizlar

Hozirda ushbu kitobda taqrizlar mavjud emas.
Taqriz yozish



Iqtiboslar

Hozirda ushbu kitobda iqtiboslar mavjud emas.
Iqtibos qo'shish



Janr bo'yicha boshqa kitoblar