Kitobman.uz - O'zbekiston Kitobxonlari
  • 4-mart 2023 y. 17:47

    392

    Kitobning ilk satrlarida mashhur ixtirochi Tomas Edison to'g'risida qiziq bir hikoya o'qib qoldim. Bilasiz ushbu buyuk shaxs Amerikalik ixtirochi va u elektr lampochkasini yaratgan. Ammo u doim ham shunday aqlli bo'lmagan. Edison maktabda o'qib yurgan chog'larida o'qituvchisi uning onasiga xat berib yuboradi. Tomas xatda nima yozilgani so'raganda, oyisi unga "Sizning o'g'lingiz daho. Afsuski, u bizning maktabimizda o'qiy olmaydi, iltimos uni uyda o'zingiz o'qiting" deb yozishibdi deya aytib beradi. 

    Oradan yillar o'tgach, onasi vafotidan so'ng Tomas bir paytlar unga berib yuborilgan ushbu xatni uydagi eski-tuskilar orasidan topib oladi va yig'lab yuboradi. Unda quyidagi jumlalar yozilgan edi: "O'g'lingiz esi past bir bola. Uni maktabimizda o'qishiga ruxsat berolmaymiz". 

    Savol tug'ilishi tabiiy: Qanday qilib o'qituvchisidan shunaqa "comment" olgan bolakay bu qadar buyuk shaxs bo'lib yetishdi? Endi buyog'ini siz kitobni o'qib bilib olasiz. Onaning farzand hayotida qanaqa muhim rol o'ynashini shu qisqagina hikoyadan bilish qiyin emas albatta. 

    Bu hikoya "Olim yetishtirgan onalar" nomli kitobning boshlanishi edi. Ushbu kitob asosan diniy yo'nalishda yozilgan bo'lib, Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v) ayollari va qizlari farzand tarbiyasiga qay tarzda yondoshgani aks ettirilgan. "Qush uyasida ko'rganini qiladi" deganidek, farzand ham shunchaki og'zaki aytilgan "Bu narsani qil yoki qilmasliging kerak" kabi so'zlarnimas, balki ota-onaning o'zi amalda bajargan narsasiga qarab harakat qilishini tushunib yetdim. Bu narsa kitobda tom ma'noda ko'plab misollar bilan keltirilgan.

    Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v) bir hadisi sharifda shunday ibora keltirganlar: "Har bitta tu'gilgan go'dak Islom fitrati bilan tug'iladi, so'ngra ota-onasi uni xristian, yahudiy yoki majusiy qiladi". Bu so'zlardan shuni anglashimiz mumkinki, hech qanday tirik jon yomon xislatli bo'lib tug'ilmaydi, aksincha uning keyingi harakteriga atrofini o'rav turgan  har xil voqea-hodisalar ta'sir o'tkazadi. 

    Kitobda yana bir nozik masalaga to'xtalib o'tilgan. Hozirgi jamiyatimizda ota-onalar farzandini juda kichkina paytidan enagalarga, murabbiylarga topshirayotganligi va hech qaysi joy ona quchog'i beradigan baxtni bera olmasligi aytib o'tilgan. To'g'ri moddiy va boshqa sabablar tufayli shunaqa qilishga majbur bo'lishi mumkin inson, lekin bir narsani unutmasligimiz kerakki, aslida hech narsa farzandimizning kelajagini yomon tarafga og'ishiga yo'l qo'yadigan darajada muhim emas. 

    Bu kitobni o'qib tugatarkanman, fikrlashim ijobiy ma'noda o'zgardi. Oldinlari yaxshi tushunaman deb o'ylagan narsalarimga aslida uncha tushunmasligimni bilib oldim va har bir holatni to'g'ri "analiz" qilishim uchun yangi imkoniyat paydo bo'lganini sezdim.

    Har bitta bo'lajak onaga farzandingiz vujudingizda paydo bo'lganidanoq, o'zingizdagi "minus" taraflaringiz ustida ishlashingizni, endi siz 2 ta inson uchun javobgar ekanligingizni, va albatta ta'lim-tarbiya bo'yicha bilimlaringizni yanada oshirishni maslahat bergan bo'lardim.

    Yoqimli mutolaa:)

    Baholash: 0
Izohlar 0