-
4-mart 2023 y. 17:41
254
1950-60-yillarda Moskvada "Новый мир" — eng obro'li va eski adabiy jurnallardan biri hisoblanardi. Bu jurnalda Sholoxov, Pasternak, Soljenitsin va Hamzatov kabi adabiyot darg'alarining eng yaxshi asarlari chop etilardi. 1958-yilda tahririyatga hali endi 30 yoshga to'lgan qirg'iz yozuvchisining qissasi kelib tushadi. O'sha paytdagi bosh muharrir Aleksandr Tvardovskiyga qissa juda manzur bo'ladi va uni "Jamila" deya nomlab, bosib chiqaradi. Majoziy aytganda, shu bilan ertaga tongda Chingiz Aytmatov endi mashhur sifatida uyqudan uyg'onadi.
Uning asari nafaqat SSSRda, balki undan tashqarida ham keng sur'atlarda bosilib chiqa boshlaydi. Lekin avvalboshida uni rus yozuvchisi deya hisoblashardi, sababi chet elliklarning SSSR xalqlari borasida bilimlari yetarli emasdi, biroq garchi keyinchalik rus tilida ijod qilgan bo'lsa ham o'zini qirg'iz millati yozuvchisi ekanligini ta'kidlab keladi va shunday hisoblaniladi. Albatta, qissalari ichida keng muhokamalarga sabab bo'lgani ham "Jamila" edi. Shuningdek, asar dovrug'iga yana bitta voqea ham sabab bo'ladi. Ba'zilar tan olishni istamas, ammo "Jamila" haqida allaqanday fransuz emas, balki mashhur adib Lui Aragon o'z fikrlarini bildiradi va o'zi uni fransuz tiliga tarjima qiladi. Ko'pchilik biladigan ""Jamila" - dunyodagi eng goʻzal muhabbat qissasi", degan ta'rif ham unga tegishli. Biroq bu kontekstdan uzib olingan bir parcha, xolos. Men uning davomini internetdan izlab topdim va tarjima qildim. Demak, Lui Aragon shunday deydi:
"Men ushbu mag'rur Parijda, Gyugo, Bodler shahrida, inqiloblar rahnamosi bo'lgan Parijda, har bir toshi afsona va tarix bilan bog'liq abadiy san'at shahri va yana sevishganlar shahri hisoblanmish makonda barcha o'qiganlarim, ko'rgan-bilganlarimdan keyin "Jamila"ni o'qidim va ko'z oldimda buyuk Romeo va Julyetta, Paolo va Francheska, Ernani va donya Sol obrazlari xira tortdi. Men Doniyor va Jamila bilan tanishdim, ular meni urushning 3-yili, 1943-yildagi avgust oyi tunlariga olib ketdi..."
Eng avvalo, men "Jamila"ni maktab paytlari o'qib chiqqanman. O'zi o'ylab ko'rsam shu paytgacha eng ko'p asarlarini o'qigan yozuvchilarim orasida Aytmatov yetakchilardan biri ekan. Chunki Aytmatovda faqat buyuk yozuvchilarda bo'lishi mumkin nodir bir iste'dod mavjud edi. Bu ham bo'lsa bir vaqtning o'zida ham milliy, ham umumbashariy bo'la olishdir. Uning asarlarida masalan, "Asrga tatigulik kun", "Oq kema"da millat muammolari ta'sirli ko'rsatilgan bo'lsa-da, muallif o'zini makon va zamon bilan cheklab qo'yishni istamaydi. Uning asarlarini faqat qirg'izlar tushunib, bosh irg'ab qo'yishlari bilan kifoyalanmaydi. O'z kitoblarida barcha zamon, makon va millatlarda yaxlit tushunchaga ega, insonning eng oliy hissiyotlaridan biri - sevgini tarannum etishga intiladi.
"Jamila" - sevgi haqida yozilgan eng go'zal qissa ekanligi ham shunda, ya'ni ha, u aslida hech bir bahssiz oddiy qirg'iz qishloq ayoli, yana erli juvon. Ammo bu uning umumbashar vakili, eng avvalo INSON ekanligini aslo inkor qila olmaydi. Sevgi bizning taqdirimizni harakatga keltiradigan buyuk kuchlardan biri va ba'zan insonni jamiyat yaratgan qoidalarni buzishga undaydi. Sevgi ko'pyuzlidir, uning qiyofalari sanoqsiz. Doniyor va Jamila ham shunday go'zal sevgi siymolariga aylandi. Bu ularni hasrat, dard va jamiyatdagi burchlarini tark etishga da'vat qilgan bo'lsa ham. Ammo kim aytdi sevgi faqat biz bilgan shakllarda uchraydi deb? Aytmatov Jamilada sevgining o'sha biz bilmagan va qabul qila olmagan shakllaridan birini namoyon etadi.
Jamila — aksarimiz orzu qilgan va kamchiligimiz erisha olgan muhabbat ramzidir. Va shaksiz, go'zal sevgi qissasi...
Yoqimli mutolaa!
Izohlar 0