-
4-mart 2023 y. 16:43
232
Ilk bor Diplomatiya universitetidagi talabalik kezlarim rus tili darsida auditoriyadan tashqari ("внеаудиторка") kitob o'qish topshirig'i tushgandi. Oson asarlar tanlash mumkinmasidi, men esa qahramonlik qilib, baland dorga sakragandim. Xullas, tanlovim jorj Oruellning "1984" bo'lgandi. Hali u payt u o'zbek tiliga tarjima qilinmagandi. Bu qarorga kutubxonada do'stlar bilan dars qilib o'tirib, mutlaqo tasodifan maslahat berishgandi. Xullas, tanlaganim antiutopiya janridagi bu kitob keyinchalik eng manzurlar orasidan joy olishini o'sha paytda hali bilmasdim.
Jorj Oruellning "1984" asari mening sevimlilarim TOP-3 taligida turishi rost. Shundanmi, u haqida yozish mendan anchayin katta ma'suliyat talab qiladi. Bunga hozir qaror qilishimga esa, kuni kecha "ma'naviyat nima? u bizga kerakmi?" degan trendga chiqqan muhokamalar, yaqinda diktatorlik ideologiyasi haqida o'qiyotganimlarim sabab bo'ldi deb o'ylayman.
Qisqa qilib aytadigan bo'lsak, kitobdagi asosiy tezislardan biri shuki, Jorj Oruell "1984"da kitobxonga aslida totalitarizm nima ekanligini juda yaxshi tushuntirib beradi. Ayniqsa, totalitarizm bizning tasavvurimizdagi kabi, hamisha ham jismoniy qiynoqlarni nazarda tutmasligini aytadi, masalan, bu ideologiya yashashi uchun fashist rejimi davrida bo'lgani singari mahbuslar konslagerlari yoki qattiq qiynoqlar bo'lishi shart emas. Balki totalitarizm — bu o'zi tom ma'noda ulkan uyushgan yolg'onlar tizimidir. Ushbu yolg'onlar omma fitratini, ongu-shuurini shu qadar qattiq egallab oladiki, agar uni dengizga qiyos qilsak, shundayin tubsiz va kattaki, u siz bilishingiz shart bo'lgan haqiqatlarni o'zida cho'ktirib yuborishga qodir.
Buning nima ekanligi, haqiqatning ommadan qanday va nima sababdan yashirin tutilishini sizga batafsil izohlab o'tirishim shart emas deb o'ylayman, zotan har birimiz tariximizda boshimizdan o'tgan Sobiq Ittifoqdagi kommunizm misolida buni ko'rib chiqsak bo'ladi. Xo'sh, savol tug'ilishi tabiiy: nega Oruell faqat totalitar davlatlarni shunday ta'riflagan? Nima boshqa mamlakatlarda yolg'onlar bo'lmaydi demoqchi bo'lganmi? Yo'q, aslo! Bunday uyushtirilgan tizimli yolg'onlar G'arbda ham uchraydi, ammo bu yerda bitta muhim nyuans bor. Odatda G'arbda yolg'on yoki ommaviy aldov aniqlanganda, unga jiddiy norozilik bildirish uchun jamiyat qo'lida kuchli richaglar (mustaqil OAV, faol fuqaroviy pozitsiya va hz) mavjud, ular ta'sirida bu yolg'onlar unchalik ham qo'rqinchli tuyulmaydi va tezda oshkor bo'ladi.
Jorj Oruellning asarlarini bemalol kelajagimizga nisbatan "ogohlik qo'ng'iroqlari" deb atashimiz mumkin. Oruell aslida bizga ko'pgina totalitar davlatlar aslida ham bir-biridan katta farq qilmasligi, ularning barchasining yashab qolishi g'oyasi ostida yolg'on va qo'rquv yotishini ko'rsatib bergan deb o'ylayman.
Oruell jamiyatning kelajagidan qo'rqardi. U kitoblar o'qish taqiqlanishidan, istalgan ma'lumotni olish imkonidan yo'qolishidan, jamiyatning hech qanday tanlovga ega bo'lmagan huquqsiz massaga aylanib qolishidan, hamma bitta qolipga solinib, bir xil fikrlovchi madaniyatga aylanib qolishidan — xullas, biz nafratlanadigan narsalar bizni yo'q qilishidan qo'rqardi.
Men uning asarlarida tasvirlangan kelajak sodir bo'lishidan qo'rqaman, imkon qadar ularni bataraf bo'lishini tilayman...
Bilmadim, balkim ularni sevib o'qishimga sabablardan biri shudir balki....
Yoqimli mutolaa!
Izohlar 0