-
31-oktabr 2021 y. 15:01
352
Ko'cha-ko'yda, tik-tokda turli yoshlar o'zlaridan mafiya yoki ko'cha bolasi yasashga urinishlarini kuzatsangiz kerak. Ammo bular afsonaviy Godfather oldida oddiy bolalar o'yini xolos. Haqiqiy mafiya romantikasidan bahramand bo'lmoqchi bo'lganlar birinchi navbatda ushbu shedevr kitobni o'qib chiqishlari shart deb bilaman.
Bu kitob men Toshkent shahridagi xarid qilgan ilk kitobimdir. Sharq do'konidan (https://t.me/Panda_books/1729) olganim hozirgidek esimda. O'qishni boshlagach, kitobdan bir soniya bo'lsin, ajrala olmay qolgandim. O'zimcha Korleonening gaplari va harakatlarini qaytarishga urinardim.
Asarning asosiy voqealari 1945-yillardan Donning uyidagi nikoh to'yi marosimidan boshlanadi. Nyu-Yorkda istiqomat qiluvchi italyan mafiyasi - Don Korleonelar oilasi haqida hikoya qilinuvchi ushbu saga asosiy qahramonlaridan biri jinoyat olamida Godfather (Cho'qintirgan ota - xristian dini amallariga ko'ra, farzand duytoga kelganda uni cho'qintiradigan oilaning eng yaqin do'sti) Vito Korleone hisoblanadi. Korleone aslida taxallus bo'lib, Vito haqiqiy familiyasi Andolinidir. Yoshligida muhojir sifatida AQShga kelib qolgan yigitcha keyinchalik gangsterlarga qo'shilib jinoyat yo'liga kirib ketgandi. Keyin oila qurib, 4 ta farzand otasiga aylaanadi, shuningdek o'z oilasiga irlandiyalik yetim bola Tom Heygenni ham oladi. Vito Korleone: "O'z farzandlari uchun vaqt ajrata olmaydigan ota haqiqiy erkak degan nomga munosib emas" deya ta'kidlardi. Don Korleone siyosat olamida ham ko'pchilik bilan do'st orttiradi va natijada rasman zaytun moyi sotish bilan shug'ullanuvchi Korleonelar oilasi shahardagi eng obro'li mafiya klanlaridan biriga aylanadi. Virgilio Solosso ismli shaxs Donga narkotrafik biznesini taklif qilguncha shunday yaxshi yashashar edi. Keyingi voqealar va Donning kenja o'g'li Maykl Korleone qanday qilib mafiya sardori vorisiga aylangani va taqdir yo'llari qanday kechganini kitobni o'qib, o'zingiz bilib olasiz.
Asar siz o'rganib qolgan odatdagi gangstercha roman emas. U 1969-yilda yozilgan. Mukammal syujet va original yondashuv tufayli biz afsonaviy italyan mafiyasining eng qorong'u burchaklariga ham osonlikcha kirib boramiz. Va asosiy mazmun mafiya haqida emas, undanda muhimroq inson sifatlari haqida ekanligiga amin bo'lamiz.
1972-yilda ushbu asar asosida film suratga olinadi. Unda bosh rollarni Marlon Brando va Al Pachino qoyilmaqom tarzda ijro etib berishadi. Bu kinofilm hozirgacha IMDB reytingi bo'yicha dunyodagi eng mashhur filmlar orasida 2-o'rinda turibdi. Shuning o'zi ham asarning darajasini bildirib turibdi.
Roman bizga or-nomus va g'ururni qanday saqlab qolishni, oilaviy rishtalar va do'stlik to'g'risida hikoya qiladi. Unda abadiy kurash mavzulari bo'lmish - sevgi va nafrat, sadoqat va xiyonat, zukkolik va nodonlik o'rtasidagi bahs rangin bo'yoqlarda ochib berilgan. Mafiya bo'lish bu har kuni hayot uchun kurash ekanligini ko'rsatib berolgan haqqoniy kitob.
Kitobda aynan bitta qahramon asosiy protagonist deya olmaymiz. Masalan, kimgadir Vito Korleonening o'tkir fikrlari yoqsa, kimdir Mayklning harakteridan zavqlanadi. Boshida Santino (Sonni) uncha ko'mgilga o'tirmasa, keyinchalik unga achina boshlaysan. Asar boshida epizodlarda uchraydigan personajlar asta-sekin bosh rolga chiqishini kuzatish mumkin.
Kitobda menga yoqadigan eng yaxshi narsa bu albatta undagi uchqur iqtiboslar va dialoglar bo'lib qoladi. Ulardan ko'p narsa olsa bo'ladi. Mafiya va gangsterlik janriga yaqinligi sabab kitobni ko'proq erkak jinsiga mansub kitobsevarlar uchun mos deya hisoblasam-da, uni ayollar ham bemalol mutolaa qilishlari mumkin.
Izohlar 0