-
20-may 2023 y. 21:11
236
"Qo‘rqma" asarini o‘qiy boshlar ekanman, roman yozilishini yangicha uslub-da deb baho berdim, annotatsiya qismida lirizm deyilgan. Asarga kira solib, lirizmning ba'zi unsurlarigina bor ya'ni ba'zi so‘zlardagina she'riy hamohanglik qorishiq ekan, degan xulosaga keldim. Asar nomi "bozor adabiyoti" dagi ko‘pchilik asarlarga o‘xshab shunchaki motivatsion psixologik asar deb oldiniga unchalik e'tibor bermagandim: "Qo‘rqma" -- shunchaki qo‘rqma, biror ishni uddalashga aslo qo‘rqma, va hokazo shu kabi fikrlar. Lekin "yurgan daryo, o‘tirgan bo‘yra" kabi ko‘p o‘ylayvermasdan asarni o‘qir, o‘qiyverar ekanman tasvirlar meni ruhlantirdj, zavqlantirdi, ham quvontirdi, ham g‘amlantirdi. Tasvirlar: "... Samarqand o‘lim oldi xirqirayotgan go‘zal qizga o‘xshaydi. Azroil ko‘zlaridan ham uyalib, o‘la olmayotgan go‘zal qizga!" Tanimni yoqimli titroq mahv etdi. Samarqand- ko‘k shahar, uni ko‘plar sevgan, sevadi. Yozuvchi asarda Fitratning, o‘sha talabalarning qadam tovushlarini Samarqand ko‘chalaridan o‘tganliklarini tasvirlagan. Buxoro ham tilga olingan. Talabalar o‘qishiga ketadigan mablag‘ga Buxorodagi odamlar maosh ajratgan ekanlar. Aytgancha, qaysi talabalar? Samarqand ko‘chalaridan yurib o‘tgan, Buxoro ahli ko‘z tikkan bu talabalar Vatan ravnaqini, sanoatini, qishloq xo‘jaligini rivojlantiramiz deb Germaniyaning Berliniga, yana qayerigadir ketgan, 1920-yillardan boshlab o‘z yurtida emas boshqa yurtlarda qishning ayozini totgan yupun kiyingan odamlar. Xorazmning Maryami ham tilga olingan: Maryam Sultonmurodova. Bu ismni asarda o‘qish-maktab davrida Maryam Sultonmurodovaga atab o‘tkazilgan kecha-tadbirini eslagan xorazmlik qiz uchun faxrdan boshqa narsa emas aslida! Ichimni kemirayotgan narsani jur'at topolsam oxirida yozarman...
Asar tesha tegmagan iqtiboslarga to‘la, zavqlantiradi odamni. Mehrlantiradi ham. Xuddi "Mehrobdan chayon" dagi "... mahdum har ikkisini ahmoqqa chiqarib, o‘zi oqillar qatoriga o‘tdi" degan jumla, qaysidir ma'nosimi, mutoyibaga xosligi uchunmi mehrimni egallab olganligi kabi "Qo‘rqma" da: "... Lola tarixga qo‘ylardan ko‘proq, bobomdan kamroq qiziqadi" kabi iqtibosi ham mehrimni qozondi. Tarixni faqat qo‘y zotiga mansublar o‘rganmasligi mumkin. Iqtibosda mutoyiba o‘z yo‘liga, ma'nosi esa ajoyib. Ma'nosi: yozuvchi Javlon Jovliyev bejizga tarixni otaga, tilni esa onaga qiyoslamadi. O‘z tilini alqagan jihatini ham topib berishim mumkin: "Gapirganda o‘rischa so‘z qo‘shmadim,(!) faqat o‘zbekcha so‘kishni o‘rgandim."
Taqrizim oxirida faqat bir narsani aytishim mumkinki, asardan biror nima olarmikinman, olaman albatta deb o‘qigan odamga bu asarda ko‘p narsa bor! Xulosam shu. Jur'atim esa, hozirda men ham talabaman. Hamma narsa tayyor, to‘kis sharoitda o‘qiyapman. Mana qo‘limda tarix turibdi, ya'ni "Qo‘rqma" turibdi. "Qo‘rqma" tarix ekanligiga ishonchim komil, axir Maryam bor-ku "Qo‘rqma" da, demak, yolg‘on emas zarracha tarixligi. Ular qanday sharoitda o‘qishgan, yupun, Vatandan olisda. Men-chi, hamma narsa yetarli menda. Men nima qila olyapman? Hali ham kech emas! Men endi nima qila olaman? Bu jur'atim faqat bu savolni o‘zimga berishda to‘xtab qolmay harakat qilishda ham davom etaman deb umid qilaman!Taqriz muallifi: Shahzoda Xudayberganova.
Izohlar 0