-
4-mart 2023 y. 17:38
175
Elon Musk. U dahomi yoki katta firibgarmi? Balki shunchaki omadi kelib qolgan boyvachchadir? Uning ortida katta kuchlar, masonlar turgandir balki? Kitobda shu va shu kabi savollarga javob beriladi.
Kitobni maroq bilan o'qib chiqdim. Ilon Mask shaxsiyati men uchun doimo qiziq bo'lib kelgan. Nahot bizning jamiyatda mayda ishlarga emas, katta masshtabda fikrlashga o'rganish mumkin? Ha, mumkin va bu g'oyat ta'sirli. Har holda, dunyodagi barmoq bilan sanarli xususiy aerokosmik kompaniyasiga ega insonlar - noodatiy bo'lishi aniq.
Tarjimayi holiga qarasak, aslida Ilon Mask Janubiy Afrika Respublikasida tavallud topgan, lekin ota-bobolari kelib chqiishi Kanadaga borib taqaladi. 17 yoshida yosh daho Kanadaga ko'chib o'tadi, o'sha yerda oliy ma'lumotni egallab, keyinchalik AQShga keladi. Nazarimda, shunchaki biz oxirgi 3-4 yilda bu ismni tez-tez eshitishni boshlaganimiz sababli Mask bizga yaqinda paydo bo'lgandek tuyuladi. Aslida esa u internet endi-endi kamol topa boshlagan 90-yillar oxiridayoq mashhur dasturchi va bzinesmen edi.
Karyerasidagi ilk ishi - Zip2 kompaniyasiga asos solish bilan boshlangan. Uni muvafaqqiyatli sotib, keyin PayPal ustida ishlaydi. Ammo Mask internet magnati bo'lishni unchalik istamasdi. Uning asosiy 3 ta maqsadi: kosmonavtika, energetika va elektromobil sanoatida keskin o'zgarishlar qilish g'oyasi yoshlikdanoq paydo bo'lib ulgurgandi. Keyin esa SpaceX, Tesla va Starlink kabi kompaniyalar orqali bu sohalarga ham kirib boradi.
Maskning biografiyasini o'qib borganim sari bitta narsaga amin bo'ldimki, uning bu marraga yetishishida uni o'rab turgan jamiyat ham katta rol o'ynagan. Masalan, u ZIp2 yoki PayPalni yuritib, omadli startapga aylantirgach, tezda yaxshi xaridor topib, sota olgan. Yoki u Tesla kompaniyasiga asos solgan 2 ta startapchi bilan loyiha boshidayoq tanishib, birdaniga $6 mln dollar sarmoya kiritadi va bosh direktorlikni oladi. Tushunyapsizmi, buning nima anglatishini. Bu boshqacha dunyoqarashga qurilgan jamiyat. Muhim jihati shuki, Silikon vodiysida hamma bir-birini qo'llashga harakat qiladi, hali yurishi noma'lum loyihagalarga ham ko'pchilik pul tikadi. Maqsad — yonimdagi rivojlansin, boyib ketsa, uning ortidan men ham o'z ulushimni olay. Yangi startaplarni hammasi ham yurmasligi mumkin, lekin insonlar yangilarni qo'llashda davom etaveradilar.
Shu joyda nega biz rivojlanmaymiz degan savolga javob topiladi, chunki bizda shuning g'irt teskarisi. Hozir kimgadir biror innovatsion loyiha rejangizni ayting, uni yo o'g'irlashadi, yo sizni sindirishadi. Buyoqda chet ellik investorlar kirishga cho'chib turgan sohalarga mahalliy investor hayotda bir tiyin tikmaydi. O'zaro ishonchsizlik va hasad - har qanday biznes muhitni o'ldiradi.
Maskni Mask qilgan uning tirishqoqligi, mehnatsevarligi va aqlli ekanligi bo'lsa, uning omadi - bu to'g'ri muhit tanlay olganligidir. Atrofda kelib chiqishidan qat'i nazar, zo'r kadrlar yig'a olgani, media ta'sirini erta ilg'ay olgani va hokazo.
Mask va unga o'xshagan odamlar hali tirik. Shu sababdan bir xulosaga kelishga shoshilmaymiz. Lekin bitta narsa aniqki, bu dunyoda bizning kundalik sueta hayotimizdan sal kengroq o'ylaydigan insonlar kam. Kelajak, ideal jamiyat va boshqa sayyorlarda hayot to'g'risida ishlar qilayotgan insonlar esa undanda kamroq.
Ilon Mask esa shunday kishilardan biri.
Izohlar 0