-
4-mart 2023 y. 16:41
206
Barcha hayvonlar tengdirlar, biroq ayrim hayvonlar boshqalaridan tengroqdirlar”
Yaqinda ushbu kitobni, aniqrog'i kitobchani yana qo'lga oldim. Ajablanganim, har safar shu asarni o'qiganimda, yana yangi bir fikrlar va ma'nolar topaman o'zimcha.
Albatta, Erik Artur Blek (Jorj Oruell) o'zi ham urushda ishtirok etgan, turli davlat xizmatlarida faoliyat yuritgan va buning asnosida unda hokimiyat boshqaruv tizimiga nisbatan ko'pgina savollar tug'ilgani tabiiy edi. Buni uning esselarida ayniqsa sezish qiyin emas, ammo bu haqida biroz keyinroq.
Mening nazarimda, o'zbek tiliga biroz g'alati - "Molxona" deya tarjima qilingan "Animal Farm" ertak hikoyasi antiutopiya janriga mansub hisoblanadi. Lekin bu to'liq antiutopiya emas, yana o'sha davr tuzumlarining siyosiy karikaturasi hamdir. Muallif, hayvonlar misolida turli tabaqa va fazilatli kishilar ustidan kuladi: qo'ylar — kim nima desa ishonib, baalab turuvchi ommani aks ettirsa, cho'chqalar — aqlli, ammo egosentrik oligarxiya, aristokratiyani tasvirlaydi. Qarg'a ko'proq diniy ruhoniylarni eslatsa, otlar sodiqlik va soddalik timsoli sifatida ifoda etilgan.
Asar markazida — uzoq davr mobaynida odamlar tomonidan ezilib ishlagan va qiynalgan hayvonlarning birlashib, nihoyat inqilob qilib, odamlar ustidan g'alaba qozonishi yotadi. Bunga fermadagi barcha mavjudotlarni yetaklagan targ'ibotchi-propagandist qari To'ng'iz Mayor bo'lgandi. Muallif inqilob tafsilotlaridan so'ng, shu yerida hikoyani juda go'zal tugatishi ham mumkin edi. Nega hayvonlar ustidan muzaffariyat qozondiyu, lekin farovon, g'am-tashvishsiz hayot baribir yetib kelmadi? Nega zulmkor xo'jayinlar quvib yuborilganidan keyin ham maxluqotlar oldingidek, hatto oldingidan ham battarroq mazlumga aylanishdi?
Bu yerda men oldin ahamiyat bermaganim bu qari Mayorning inqilob haqidagi fiklarining ta'siri haqida to'xtalsam. O'zi inqilob nima? Bu jamiyat yoki ongning rivojlanishida roʻy beradigan chuqur sifat oʻzgarishidir. Inqilobning siyosiy terminligidan tashqari psixologik tomoni ham mavjuddir. Ya'ni u jamiyatga nihoyat "Hamma narsa mumkin" degan messejni bera oladi. Inqilob har doim ham yangi kuchlarni o'rnatish yoki nimanidir o'zgartirish uchun amalga oshirilmaydi, u jamiyatga katta quvonch ham bera oladi. Bunga asardagi inqilob g'alabasidan keyingi kun hayvonlar qanchalar quvnoq va baxtli bo'lgani to'g'risida o'qib bilib olishingiz mumkin. Ha, albatta, ushbu o'zgarishlardan keyin baribir yangi kuchlar paydo bo'ladi, lekin jamiyatni ko'pincha bu unchalik qiziqtirmaydi.
"Hayvonlar fermasi"dan saboq olsa bo'ladimi? Ha, ko'p jabhada. Biz shu kabi davlatda yashaganmizmi? Ha, bir paytlar. Muallif yana bir bor, inqiloblar o'tkinchi, hokimiyat baribir bir xil, abadiy ekanligini, eski davrga qaytish juda oson ekanini ta'kidlaydi. Asar jamiyatdagi tengsizlik muqarrar hodisa ekanini achchiq satira bilan ochib beradi.
Axir, barcha hayvonlar teng, biroq ayrimlari boshqalaridan ko'ra tengroqdir.
Yoqimli mutolaa!
Izohlar 0