Farzand ne’matiga ma’naviy shukr qilish uni bergan Alloh taologa hamd va shukr so‘zlarini til bilan aytib, dil bilan tasdiqlashdan iboratdir.Farzand ne’matiga amaliy shukr qilish o‘sha farzandni uni bergan Alloh taologa iymon keltiradigan, ibodat qiladigan solih banda qilib o‘stirishdan iboratdir. Buning uchun esa eng avval Islomda ota-onaning farzand oldidagi burchlariga aylantirilgan amallarni ixlos bilan bajarish kerak.Ota-onaning farzand oldidagi burchlaridan biri uni sog‘lom qilib voyaga yetkazishdir.«Sog‘lom bola» deganda faqat jismoniy sog‘liqni yoki faqat ma’naviy-ruhiy sog‘liqni emas, balki ikkovini qo‘shib tushunish kerak bo‘ladi. Har bir ota-ona o‘z farzandining ham ruhiy-ma’naviy jihatdan sog‘lom, barkamol bo‘lishi uchun, ham jismoniy jihatdan chiniqqan, baquvvat, turli kasallik va illatlardan sog‘-salomat bo‘lib ulg‘ayishi uchun harakat qilmog‘i lozim. Albatta, «sog‘lom bola» shiori ko‘tarilishi bilan vatanimizdagi har bir toifa, har bir mutaxassislik egasi, har bir shaxs o‘z bilimi, mutaxassisligi va fikr-mulohazalari asosida mazkur shiorni hayotga tatbiq qilishda, singdirishda va sog‘lom bolani tarbiyalab yetishtirishda o‘z hissasini qo‘shish uchun harakat qilmog‘i kerak. Jumladan, Islom dini ta’limotlaridan bahra olgan kishilar ham bu muhim masala bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini taqdim qilsalar o‘ta foydali bo‘lishi shubhasizdir. Qur’oni Karim va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan, tarbiya bo‘yicha ko‘zga ko‘ringan ulamolarimizning tajribalari va ilmiy mulohazalaridan olingan ma’lumotlarni xalqimizga, jamiyatimizga yetkazilsa, katta foyda bo‘lishi aniq.Albatta, «sog‘lom bola» shiorini ko‘tarish va uni amalga oshirishdan oldin ushbu shiorni va uning ma’nosini to‘g‘ri va chuqurroq tushunib olish zarur bo‘ladi. «Sog‘lom bola» shiori yosh avlodning, ya’ni yangi o‘sib kelayotgan yoki endi dunyoga kelib, mana shu yurtda voyaga yetadigan insonlarning har tomonlama sog‘ va salomat bo‘lishi haqida qayg‘urish shiori desak bo‘ladi. «Sog‘lom bola» shiori kelajak avlodning, o‘sib kelayotgan avlodning ruhiy-ma’naviy va jismoniy jihatdan sog‘lom bo‘lishlari va sog‘lom o‘sishlari uchun qayg‘urish, desak xato qilmagan bo‘lamiz. «Sog‘lom bola» shiori har bir yurtning, millatning, xalqning asosiy tashvishlaridan biri bo‘lmog‘i lozim. Chunki kelajak avlod har bir millatning, har bir davlat, yurt, el, xalqning kelajagini belgilaydigan avloddir. Ular ana shu xalq, yurt, davlat va elning umid g‘unchalaridir. «Sog‘lom bola» shiori ostida yosh avlod uchun qilingan xizmat butun el-yurt kelajagi uchun, butun davlat, xalq kelajagi uchun qilingan xizmat bo‘ladi. Shuning uchun ham qadimdan har bir ummat, har bir xalq, yurt, davlat o‘zining bolalariga, yoshlariga, kelajak avlodiga alohida e’tibor berib kelgan. Jumladan, Alloh taoloning oxirgi va mukammal dini, qiyomatgacha boqiy qoluvchi dini va barcha zamonlar va makonlarda insoniyatga ikki dunyo saodat yo‘lini ko‘rsatib beruvchi dini Islom ham bu masalada ilohiy ta’limotning eng to‘lig‘ini, eng mukammalini taqdim qilgandir. Ana shu nuqtai nazardan kelib chiqadigan bo‘lsak, Islomda bolaning ham ruhiy-ma’naviy jihatdan, ham jismoniy jihatdan sog‘lom o‘sishi to‘g‘risida qayg‘urish bola hali dunyoga kelmasidan avval, balki homila bo‘lmasidan avval boshlanadi.
Kitob nomi: |
Sog'lom bola |
Kitobning asl nomi: |
Sog'lom bola |
Nashr qilingan til: |
O'zbekcha |
Kitobning asl tili: |
O'zbekcha |
Formati: |
Yumshoq / 152 |
ISBN: |
978-9943-5477-5-9 |
Nashr yili: |
2019 |
Nashriyotchi: |
Hilol nashr |
Seriya: |
0 |
Yosh chegarasi: |
16 dan 70 gacha |
Taqrizlar
Hozirda ushbu kitobda taqrizlar mavjud emas.
Taqriz yozish
Iqtiboslar
Hozirda ushbu kitobda iqtiboslar mavjud
emas.
Iqtibos qo'shish