Qarz va unga bog'liq masalalar
Bandalarini qarzi hasan berishga undagan Alloh taologa U Zotning jaloliga va jamoliga munosib hamdu sanolar bo‘lsin!Qarz muomalasini go‘zal ravishda olib borishni o‘rgatgan zot, Alloh taoloning oxirgi nabiysi Muhammad Mustafoga salavot va salomlar bo‘lsin!Qarz masalasi azal-azaldan, doimiy ravishda kishilarning boshini qotirib kelayotgani masalalardan biri ekanligi hech birimizga sir emas. Bu masalada musulmon kishi o‘zini qanday tutishi lozimligi xususidagi hukmlarni keragicha o‘rganish har bir musulmon uchun juda ham zarurdir. Zotan, inson kim bo‘lishidan qat’i nazar, hayoti davomida qarz muomalasiga duch kelishi turgan gap: kimdir qarz oladi, kimdir qarz beradi. Qarz olgan ham, qarz bergan ham, qarzga guvoh bo‘lgan ham bu ish bo‘yicha mavjud shar’iy ta’limotlarni, qarzning shariatdagi hukmlarini bilishi lozim.Qarz masalasi turli sabablarga ko‘ra bugungi kunimizning dolzarb masalalaridan biriga aylanib qoldi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Avvalgi tuzum davrida kishilarning iqtisodiy faoliyati qat’iy chegaralangan, xususiy mulkchilik deyarli man qilingan edi. Shu sababli qarz masalasi ham chegaralangan, odamlar bu muammoga hozirgichalik duch kelishmasdi. Yangi sharoitda ko‘pchilikda oson yo‘l bilan tezroq va ko‘proq boylik orttirish istagi avj oldi. Ularning xayoli bu maqsadga erishishning eng oson yo‘li qarz olib, tijorat qilish yoki biror tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, degan fikr bilan band bo‘ldi. Odamlar «Falon miqdorda qarz olib, uni bir marta «aylantirsam», buncha foyda ko‘raman, ikki marta «aylantirsam», mana buncha bo‘ladi», qabilidagi hisob-kitoblarni qilishga tushdilar. Har kim qilmoqchi bo‘lgan ishini yaxshi biladimi-yo‘qmi, o‘ziga, hozirgi sharoitga to‘g‘ri keladimi-yo‘qmi, baribir, natijasi albatta zo‘r bo‘ladi, degan xayol bilan harakat boshladi. Ko‘proq «Falonchi-pistonchilar buncha qarz olib, chetdan mol olib kelib sotgan ekan, buncha foyda ko‘ribdi, men ham shunday qilmoqchiman», qabilida ish ko‘rish avj oldi. Falonchining ota-bobosi bu ishning ustalari bo‘lgani, u mazkur ishni ulardan o‘rganib o‘zlashtirib olgani haqida o‘ylash ularning xayoliga ham kirib-chiqmasdi.Chuqur o‘ylamay, shoshilib qilingan ana shunday ishlar oqibatida «tadbirkorlar» orasida ishni eplay olmay, qarzga botib qolish hollari asta-sekin ko‘paya bordi. Kishilar o‘rtasida bu borada kelishmovchiliklar, tortishuvlar, urush-janjallar paydo bo‘la boshladi. Qarz berganlar bergan qarzlarini qaytarib olish qiyin bo‘layotganidan, qarz olganlar esa «hisoblagich aylanib» turganidan tinmay shikoyat qilishardi. Bora-bora qarz olganidan tonayotganlar va qarzni qaytarib olish uchun odatdan tashqari chora-tadbirlar ko‘rayotganlar haqida gaplar urchiy boshladi.Odatdagidek, qilar ishni qilib qo‘yganidan, ko‘za sinib, suv to‘kilganidan keyin mullalarga murojaat qilish ham boshlanib ketdi. Qarz olib, qarz berayotganlarida shariat ham, ahli ilm ham yodiga kelmagan kishilar boshlariga ish tushganidan keyin muammoni hal qilish uchun shariatning hukmini, ahli ilmning aralashuvini istab qolishardi.Bu holat domlalarni ham qarz va unga bog‘liq masalalar bo‘yicha kitob titishga, so‘rab-surishtirishga majburladi. Avval bu kabi masalalar kam bo‘lganidan ulamolar ham ular haqida chuqur tahlil qilingan javoblarni tayyor holda topish ishida bir muncha qiynalishlari turgan gap edi. Eng qiyini, shariat ta’limotlariga amal qilmasdan olib borilgan moliyaviy muomalalarda paydo bo‘lgan muammolarni shariat hukmi bo‘yicha hal qilish kerak bo‘lardi. Mazkur masalalarning deyarli barchasida «Agar avvaldan so‘rab, shariat bo‘yicha ish tutganingizda, bu holga tushilmasdi», degan gaplar bo‘lar edi. Misol uchun, ikki tarafning gapi bir-biriga to‘g‘ri kelmay qolganda, «Orangizda bo‘lgan qarz muomalasini yozib qo‘yganmisizlar?» deb so‘ralsa, ikkisi ham «Yo‘q», degan javobni berardi. «Guvohlar bormi?» degan savolga ham xuddi shu javob olinardi...Qarz borasidagi mashmashalar hozirgi kunimizda ham davom etmoqda. Eng yomoni, qarz berish imkoni bor kishilar bo‘lib o‘tgan hodisalardan keyin birovga qarz berishga botina olmay qolishdi. Qarzdorlarning ba’zilari qarzni to‘lashga harakat qilish o‘rniga turli-tuman hiylalarni ishga solishga o‘tdilar. Qolganlari esa qarzni qanday uzish haqida o‘ylab, xayollari parishon bo‘lib yurishibdi.Qabulimga kiradigan kishilarimizning ma’lum qismi qarzdorlar bo‘lib, ular mendan qarzni uzish uchun nima qilish va o‘zlarini qanday tutish kerakligi borasida maslahat, bu boradagi duolarni so‘raydilar.Shuningdek, jamiyat miqyosida ham qarz muammosi haqida, qarz berib, qaytarib ololmay yurganlarning fig‘onlari, qarzni bermay yurganlarning firiblari borasidagi va shunga o‘xshash turli-tuman gaplar hali-hanuz ozaygani yo‘q.Mazkur muammolar va ularga bog‘liq holatlar bo‘yicha kerakli shar’iy ma’lumotlarni alohida risola shaklida taqdim qilish haqida kamina xodimingiz anchadan buyon o‘ylab, reja qilib yurar edi. Alloh taoloning irodasi ila shu kunlarda mazkur rejani amalga oshirish fursati kelganday bo‘lib qoldi. Haq subhanahu va taolodan yordam so‘ragan holda bu ishni amalga oshirishga qo‘l urdik. Alloh taoloning O‘zi bu ishda bizga yordamchi bo‘lsin!
Kitob nomi: | Qarz va unga bog'liq masalalar |
---|---|
Kitobning asl nomi: | Qarz va unga bog'liq masalalar |
Nashr qilingan til: | O'zbekcha |
Kitobning asl tili: | O'zbekcha |
Formati: | Yumshoq/128 |
ISBN: | 978-9943-6460-1-8 |
Nashr yili: | 2020 |
Nashriyotchi: | Hilol nashr |
Seriya: | 0 |
Yosh chegarasi: | 16 dan 70 gacha |