Kitobman.uz - O'zbekiston Kitobxonlari

Baxtiyor oila

Ushbu kitob Islom dinining oilaviy munosabatlarga oid ahkomlarining keng va batafsil sharhi bo‘lib, musulmon kishi oilaviy hayotga oid bilishi lozim bo‘lgan barcha masalalarni ao‘z ichiga oladi. Kitobda insonga ikki dunyo saodati yo‘lini ko‘rsatib bergan Islom dinining baxtli, saodatli oila qurish, er-xotinning huquqlari, burch va majburiyatlari, ota-onaga, qaynota-qaynonaga munosabat, kelin va kuyov tanlash, aqiyqa, farzand tarbiyasi, silai rahm, taloq, idda va shu kabi ko‘plab dolzarb mavzulardagi ta’limotlari orqali bugungi kunda qator muammolar muhokama qilinadi, oyatlar, hadislar hamda salaf solihlarning hayoti misolida musulmonning baxtli oilaviy hayot dasturi ko‘rsatib beriladi.

10 O'qimoqchi
 
0 o'qiyapti
 
8 o'qigan
 
0 Taqriz
«Nikoh mening sunnatimdir. Kim sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emasdir», degan Rasuli Akram Muhammad Mustafoga bitmas-tuganmas salovotu salomlar bo‘lsin!Alloh subhanahu va taolo O‘zi iroda qilgan paytda tuproqdan odam zotini yaratdi va unga O‘z huzuridagi ruhdan jon puflab, uni O‘zining yerdagi o‘rinbosari qildi. So‘ngra odamning juftini yaratdi va ularning ikkisidan erkak va ayollarni tarqatdi.Alloh taolo inson zotini juft qilib, erkak va ayoldan iborat qilib yaratganda ularning har biriga o‘ziga xos xususiyatlarni berdi va ularning nikoh orqali halol-pok yashab, o‘zlaridan zurriyotlar qoldirishlarini hamda ayni shu yo‘l bilan dunyoning obod bo‘lishini va odam sulolasini Qiyomat qoim bo‘lguncha halol-pok yo‘l bilan davom etib borishini iroda qildi.O‘zi yaratgan borliqda O‘zi yaratgan inson qanday yashasa saodatli bo‘lishini yaxshi biladigan Alloh taolo erkak va ayollarning nikoh orqali oila qurib yashashlarini iroda qildi. Shuning uchun ham O‘zining barcha Anbiyolariga, avliyolariga va solih bandalariga nikohli hayotni ravo ko‘rdi. O‘zining barcha samoviy dinlarida nikohni joriy qildi. O‘sha dinlari orqali insoniyatga, hayotning boshqa sohalaridagi kabi, nikoh va oila borasidagi saodatga eltuvchi ko‘rsatmalarini taqdim qilib bordi.Shu tarzda, Alloh taolo insoniyatni asta-sekin tarbiyalab keldi va nihoyat insoniyat kamolga yetganda O‘zining oxirgi va mukammal dini, Qiyomatgacha boqiy qoluvchi dini, barcha zamonlar va makonlarda insoniyatga ikki dunyo saodat yo‘lini ko‘rsatib beruvchi dini – Islom orqali oilaviy hayotning mukammal ta’limotlarini joriy qildi. Ushbu ta’limotlarga ixlos bilan amal qilganlar oilaviy baxt nashiydasini surib keldilar va kelmoqdalar.Ma’lumki, oila har bir jamiyatning boshlang‘ich hujayrasi hisoblanadi. Oila mustahkam, tinch, halol va pok bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta, mustahkam, farovon bo‘ladi. Aksincha, oilalarda parokandalik, buzg‘unchilik bo‘lsa, halol-haromning farqi qolmasa, o‘sha jamiyat buziladi, tinchi yo‘qoladi, oxir-oqibat u chuqur tanazzulga yuz tutadi.Shuning uchun ham qadimdan har bir jamiyat oila masalasiga katta e’tibor berib, oilalarning mustahkam va baxtiyor bo‘lishi uchun imkonida bor bo‘lgan barcha chora va tadbirlarni ko‘rib kelgan. Zotan, sof insoniy tabiat xuddi shunday bo‘lishini taqozo qiladi.Ammo ming afsuslar bo‘lsinkim, keyingi paytlarda G‘arbdagi ba’zi bir jamiyatlarda «hurriyat», «shaxs erkinligi» degan soxta shiorlarni ro‘kach qilib olgan ayrim buzg‘unchilar «Oilaning keragi yo‘q, nikoh shart emas, u insonning erkini cheklab qo‘yadi» degan da’voni ko‘tarib chiqishdi.Yana ming afsuslar bo‘lsinkim, bu safsataga ishonadiganlar ham chiqdilar va ko‘payib bormoqdalar. Oxir oqibat hozirga kelib, ko‘plab muammolar kelib chiqdi: insonning sof tabiatiga zid bo‘lgan ushbu dunyoqarashga qul bo‘lgan yurtlarda oilaning qadri qolmadi, oila a’zolarining o‘zaro ehtiromlari, mehr muruvvatlariga futur yetdi. Erkak va ayollar o‘z oilasida tinch-totuv yashashning o‘rniga harom-xarish kayfu safoga berildilar. Nasl-nasab haqida qayg‘urish ular uchun yot narsaga aylandi. Farzand orttirish, bola tarbiya qilish ularga yoqmay qoldi...Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, bu masalalarda ham Alloh taolo O‘z bandalariga yengillikni istagan va ularga oila qurib, halol-pok yashashni amr qilgan. Sirtdan qaraganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish oson bo‘lib ko‘rinadi: Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. Nomahramga qarama, u bilan yolg‘iz qolma, uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlingning roziligini ol, mahr ber, guvoh keltir va hokazo – hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa: «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh bo‘lsa nima qipti?!» deyishadi. Bu yo‘l, albatta, sodda va oson ko‘rinadi, haqiqatda esa unday emas. Natijalarni ko‘zdan kechirganimizda, bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi.Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar albatta inqirozga uchraganligining guvohi bo‘lamiz. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.Bizning asrimizga kelib G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdi. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq erkin bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi» kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjga chiqdi. Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib, tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Taraqqiy etgan G‘arb davlatlarining tub aholisi aynan jinsiy inqilob oqibatida dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklar tufayli bu dunyoni tark etmoqda, nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda, turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchimoqda. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy mone’likning yo‘qolishi – OITS kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda «XX asr vabosi» deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning asosiy sababi bachchabozlik va zino ekani hech kimga sir emas. U bilan kasallangan odam tez muddatda azoblanib o‘lishi ham barchaga ayon. Hamma dahshatda. Butun dunyo tibbiyot olimlari ushbu dardga chalinmaslikning yo‘lini axtarmoqdalar. Bu yo‘lda hisobsiz mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda, qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmokda. Lekin shahvatga ergashib, zalolatga ketganlar birgina eng oson, eng ishonchli Yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirmayaptilar. Aqalli, ushbu kasalning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlarning o‘zlari shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ular aslida, shahvatga banda bo‘lganliklari uchun unga ergashganlar. Zohiriy oson ko‘ringan ishga o‘zlarini urib, endi mashaqqatdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham Alloh taolo ko‘rsatgan yo‘ldan yurgan bandalarning boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengilliqda, farovon turmush kechirmoqdalar.Albatta, Alloh taoloning irodasiga, sof insoniy tabiatga qarshi borgan ishlarning oqibati yaxshi bo‘lmaydi. Halollik va poklik ramzi bo‘lgan, inson sulolasining tarqalib borishini tahminlaydigan nikoh va oila kabi ilohiy tizimlarga qarshi chiqish ko‘p o‘tmay, o‘zining «samara»sini bera boshladi. Nikohni inson jinsiy hurriyatini cheklaydigan zulm deb qaragan, oilani erkinlikning qamog‘i deb biladigan jamiyatlarda aholi soni keskin kamayib ketdi. Bu jamiyatlar nafaqaxo‘rlar yurtiga aylanib bormoqda. Ularning ko‘pchiligida hozirgi kunda nafaqa yoshini oshirish borasida hukumatlar bilan fuqarolar o‘rtasida jangu jadal avj olmoqda. Kuch-quvvat, chapdastlik, yoshlik, go‘zallik namoyishi deb e’tirof etilgan sport musobaqalarida ham oilaning dushmanlari bo‘lgan mazkur jamiyatlarda, o‘z naslidan tarqalgan yoshlar yetishmaganligi sababli qora tanli yigit-qizlarni yollab olib, o‘z vatanlari nomidan sport musobaqalarida qatnashtirmoqdalar.Alloh taoloning O‘ziga hadsiz shukrlar bo‘lsinkim, musulmon xalqlar bu kabi tashvishlardan xolidirlar. Chunki ular o‘z dinlari – Islom tufayli oilaviy baxtni saqlab qolganlar. Ularda nikohning hurmati, e’tibori hali-hanuz mavjud, oila a’zolarining o‘zaro ehtiromlari nisbatan yaxshi. Musulmon oilalarning mustahkamligi boshqa xalqlarning havasini keltirmoqda. 2009-yili Rossiyadagi ba’zi siyosatchilarning xotin qizlari oila bo‘yicha o‘zlari o‘tkazgan ilmiy tadqiqotlarning natijalarini e’lon qildilar. Mazkur natijalardan namuna keltirishga ijozat bergaysiz.Rossiyada oila buzilishi 54,3% ni tashkil etadi.Taymir avtonom viloyatida – 94%.Chukotka avtonom viloyatida – 83%.Koryak avtonom viloyatida – 80%. Tadqiqot mualliflari taqqoslab ko‘rish uchun musulmonlari yo‘q darajadagi yuqoridagi uch mintaqaga muqobil ravishda Rossiyaning asosan musulmonlar yashaydigan uch mintaqasidagi oila buzilishi haqidagi hisobotni keltiradilar.Chechenistonda – 4,3%. Ingushistonda – 10%.Dog‘istonda – 17%. Shu bilan birga, musulmonlar yashaydigan ushbu uch mintaqa uzoq umr ko‘rish va ko‘pbolalik bo‘yicha ham peshqadam hisoblanadilar.Tadqiqot mualliflari yuqoridagi raqamlarni keltirish bilan kifoyalanib qolmay, o‘z qavmlarini nikoh va oila borasida musulmonlardan o‘rnak olishga chaqiradilar. Albatta, Rossiyadek katta davlatda ularning ichida yashab turgan boshqa dindagi kishilardan namuna olishga chaqirish uchun katta jasorat kerak. Chunki boshqalar bu chaqiriqni yoqtirmasliklari ham mumkin. Xuddi shuning uchun bo‘lsa kerak, yuqorida eslab o‘tilgan tadqiqot va undan kelib chiqqan – musulmonlardan o‘rnak olish haqidagi chaqiriq to‘g‘risida muxbirlar rus pravoslav cherkovi ruhoniyining fikrini bilmoqchi bo‘lib, uni savolga tutdilar. U kishi: «Juda to‘g‘ri gap. Men o‘zimdan yana shuni qo‘shimcha qilamanki, biz oiladagi ruhiy-ma’naviy tarbiya borasida ham musulmonlardan o‘rnak olishimiz kerak», degan javobni berdi.Rus mutaxassislarining ta’kidlashlaricha, Rossiyadagi oilalarning 66 foizi faqat bitta bola qoldiradi. Oxirgi o‘n yil davomida Rossiya aholisi har yili taxminan 900 mingtaga kamayib bormoqda. Davlat va jamiyat bor imkonini ishga solib, bu halokatdan qutulish choralarini ko‘rmoqda. Rossiya federatsiyasi majlisi raisining o‘rinbosari A.Torshinning ta’kidlashicha, bu davlatda faqat musulmonlardagina odam soni ortib bormoqda.2010-yilning ikkinchi yarmida AQSHlik mutaxassislar o‘zlarining davlatlari oila buzilishi bo‘yicha dunyo bo‘yicha eng yuqori o‘rinda turishini e’lon qildilar.Britaniyada har 6ta yangi qurilgan oila hissasiga 5ta buzilgan oila to‘g‘ri keladi.Sof tabiatli odamni dahshatga soladigan bunga o‘xshash ma’lumot va hisobotlarni istagancha keltirish mumkin. Lekin biz hozirgi zamonda bizga yaqin sharoitdagi holatlarda Fransiya, Amerika, Britaniya va Rossiyaga tegishli xabarlardan dengizdan bir tomchisini keltirdik, xolos. Tasavvur hosil qilish va xulosa chiqarish uchun shuning o‘zi ham kifoya qiladi. Demak, hozirgi zamon texnologiyasi, moddiy taraqqiyoti, dinsizlik madaniyatining yuksalishi oilani mustahkamlash o‘rniga uning parchalanishiga, yo‘q bo‘lib ketishiga, bu borada turli muammolarning kelib chiqishiga olib kelar ekan. Butun dunyo, insoniyat oila muammosini hal qilish borasida ulkan tashvish qarshisida turibdi. Uni hal qilish uchun turli choralarni ko‘rmoqda va istamoqda, nima qilishini bilmay, bosh qotirmoqda. Islomdan, undagi oila tizimidan biroz bo‘lsa ham xabardor bo‘lgan ba’zi kishilar o‘z qavmlarini bu borada musulmonlardan o‘rnak olishga chaqirmoqdalar.Ammo shu o‘rinda «Hamma musulmonlar ham ushbu holatdan xabardormi, ular o‘zlarining oila haqida boshqalar havas qilayotgan holatlarining bosh sababchisi dinlari – Islom ekanini biladilarmi?» degan haqli savol tug‘iladi. Shu bilan birga, «Musulmonlarning o‘zlarida oila masalasi qanday, ularda bu borada muammolar yo‘qmi? Bo‘lsa, qanday?» kabi bir qancha savollar ham paydo bo‘ladi.Oxirgi paytda oila haqida yuqorida zikr qilingan va qilinmagan masalalar bo‘yicha alohida kitob ta’lif qilish niyati xayolda tez-tez takrorlanib turardi. Shu bilan birga, bu borada avval yozilgan narsalar ham yodga tushar edi. Oila va unga bog‘liq muammolar o‘ta muhim bo‘lganligidan, bu haqda alohida va davomli faoliyat zarurligi sababli, o‘tgan yigirma yildan ziyod davrda deyarli har haftada bir necha marta qilinadigan ma’ruzalar, vaqti-vaqti bilan bo‘lib turadigan radio-eshittirishlaridan tashqari, bir qancha yozuvlar ham amalga oshirilganligi hammaga ma’lum edi.Dastlab «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» haftanomasida bir necha maqolalar nashr qilgan edim. Keyinroq o‘sha maqolalarga boshqa kerakli ma’lumotlarni qo‘shib, «Oila – farog‘at qasri» degan risola chop qildik. «Hadis va Hayot» silsilasiga oid «Nikoh, taloq va idda kitobi» chop etildi. Allohga shukrlar bo‘lsin, imkon topgan kishilarimizga mazkur bitiklardan foyda olish nasib etdi. Ayniqsa, «Nikoh, taloq va idda kitobi» chop etilgandan so‘ng ko‘plab kishilarimizdan tashakkurlar va fikr-mulohazalar taqdim qilindi.Nikoh to‘ylari va unga bog‘liq munosabatlar bilan qilinadigan ma’ruzalarimizda o‘zimizga yetgan yangi ma’lumotlar taqdim qilinganidanmi, ko‘pchilik maktublarda «Falon ma’ruzaning yozilgan nusxasi bormi, bo‘lmasa, yozish niyati bormi?» kabi savollar takrorlanib turibdi. «Oila – farog‘at qasri» kitobini qayerdan topsak bo‘ladi?» degan savollar ham borgan sari ko‘payib bormoqda.Ushbu va boshqa bir qancha mulohazalarni e’tiborga olib, oila va unga bog‘liq dolzarb masalalarni bayon etuvchi alohida kitob yozishni ma’qul ko‘rdik. Alloh subhaanahu va taoloning O‘zidan yordam so‘ragan holimizda bu ishni boshladik. Yaxshi niyat bilan kitobni «Baxtiyor oila» deb nomladik. Bu ishni bizga Alloh taoloning O‘zi oson va foydali qilsin!
Kitob nomi: Baxtiyor oila
Kitobning asl nomi: Baxtiyor oila
Nashr qilingan til: O'zbekcha
Kitobning asl tili: O'zbekcha
Formati: Qattiq / 528
ISBN: 978-9943-6463-6-0
Nashr yili: 2021
Nashriyotchi: Hilol nashr
Seriya: 0
Yosh chegarasi: 16 dan 70 gacha

Taqrizlar

Hozirda ushbu kitobda taqrizlar mavjud emas.
Taqriz yozish



Iqtiboslar

Hozirda ushbu kitobda iqtiboslar mavjud emas.
Iqtibos qo'shish



Janr bo'yicha boshqa kitoblar