Kitobman.uz - O'zbekiston Kitobxonlari
  • 20-may 2023 y. 21:16

    204

    Ushbu asarning nomi meni o‘ziga jalb etganligi bilan ham ajralib turadi. (Ushbu so‘z birinchi bor Alisher Navoiy asarlarida uchragan ekan) Nom ham asarga juda ham mos tushgan. Shaytanat - shaytonlar saltanati! Asar 70-80-yillarda mafiyaning rivojlanib ketganligiga aslida nima sabab bo‘lganligini zulmning boshlanish nuqtasi 30-yillarda o‘zbek ziyolilari boshida o‘ynagan qatag‘on shamshirishi tasvirlangan. Hech narsa sababsiz bo‘lmaydi. Oqibat bor ekan uning sababi ham bor. Hech kim yomon bo‘lib tug‘ilmaydi. Insonni yomon bo‘lishiga muhit sababchi bo‘lganligini, Asadbekni O‘q ilon bo‘lishiga uning qalbida uyg‘ongan nafrat sababligini yozuvchi tushuntirmoqchi. Asar qahramonlarining qalblaridagi YORILMAGAN YARAlarini ko‘rsata olish, o‘tkir ruhiy tasvir asarning shuhratiga shuhrat qo‘shganligi shu boisdandir?!
    Asarda nafaqat Asadbek(O‘q ilon) balki Mahmud(Chuvrindi) Haydar(Kesakpolvon) Axtam(Tarzan) obrazlari bor-ki ularga ham ularning hayotiga ham e’tibordan qochirmaysiz qochira olmaysiz.
    Mahmud. Oddiygina oiladagi kelishmovchilik sabab xotini arazlab ota uyiga ketib qolgan va eri xotinini qaytarib borganda qaynota bilan nizo chiqishi va bu nizoda Mahmudning otasining o‘limi bilan yakunlanishi bu fojianing boshlanishi edi.
    Haydar. Qadriyatlarni hurmatlamaslik natijasida nikohsiz tug‘ilgan bola va u o‘sgan, katta bo‘lgan muhit zulmkorni yetkazishiga zamin yaratdi.
    Axtam. Asardagi eng daxshatli qismat aynan shu obrazga tegishli. Negaki, panjara ortida tug‘ilib ota-ona mehrini tuymagan insonni nafrat tuyg‘usi katta qildi.
    Bu asarni o‘qib hech qaysi obrazni yomon ko‘rib qolmadim. Balki, ularga achindim. Ularni tushunishni istadim.

    Olislarni koʼrish uchun umr karvoni,
    Saboq ekan kiprigimni yosh qilib qoʼydi.
    Keyinchalik har kuzning bargi xazoni,
    Yumshoqqina yuragimni tosh qilib qoʼydi.

    Asqar Qosim
    Asar qahramonlarining qalblari yumuq, tosh holda qolishdi. Ular hidoyatni topishlari mumkinmidi? Bunga javob yo‘q.
      
    Ilohi,
    Dardi holimni har kimga aytsam,
    Rad etsa senga tavajjuh etgaymen
    Va agar sen rad etsang netgayman?
    Va kimga ketgaymen?
    (Alisher Navoiy) 

    Asar qahramonlari dardlarini birovga aytadiganlardan emasdilar tangriga yuzlanadiganlardan ham emasdilar. Nadomatlar bo‘lsinkim, rad etilganlar toifasidan edilar...

    Baholash: 0
Izohlar 0