Kitobman.uz - O'zbekiston Kitobxonlari
  • 20-may 2023 y. 21:07

    317

    "U endi Klerfening o'rnini egallaydi, xuddiki, bir paytlar Klerfe boshqa bir poygachining o'rnini egallagandek, navbati bilan boshqasi Xolmanning o'rniga ega chiqadi."

    Asli hayot ham shunday. Qachondir, baribir kimgadir o'rnimizni bo'shatib beramiz. Biz kutgan voqealar ham yuz beravermaydi. 
    Taqdir ularga juda ham qaltis xazil qildi. O'limini kutib yurgan, oq qonga chalingan Lilian edi. Uning hissiyotlari, xayoloti butkul boshqacha. U odamlarni kuzatishni yaxshi ko'rar, va bu dunyoning mehr va qahrga to'la ko'zlarini kuzatishni yaxshi ko'rardi. Bilmadim, negadir ba'zi o'rinlarda Lilianni Baxtiniso Mahmudovaga o'xshatdim. Ular juda ham samimiy. Hayotga bo'lgan muhabbati o'zgacha. Erta nima bo'lishini bilsa ham, tabiati sokinlikda. 
    Lekin Klerfening to'satdan yuz bergan o'limi nafaqat Lilianni, balki meni ham sarosimaga solib qo'ydi. Uning o'limi juda ham ayanchli edi.

    " - Uning yuzi... U yuzi bilan qattiq urilgan. Rul esa ko'krak qafasini siqib qo'ygan. Shifokor U hech narsani sezmagan, deyapti... Yana og'riqni. Hammasi ko'z ochib yumguncha ro'y bergan va u o'sha zahoti hushini yo'qotgan. Shundan keyin qaytib o'ziga kelmagan."

     Lilian – samimiy qahramonim. Tabiat qo'ynini, sayohatni juda ham yoqtirardi. U dengizga borishni xohlardi. U  "keyin" so'zini eshitishni istamas edi. Bizlar ham aslida ko'p narsalarni keyinga qoldirib afsuslanamiz. Ehtimol,  bu ham odamzotning xatolaridan biridir. Lilianda esa bu yo'q. U ko'ngli xohlagan ishni o'sha vaqtda qilishni xohlaydi. Balkim,  shu uchundir ham Lilian oz bo'lsada havas qilishga arzirlik hayot kechirdi.

    "–Erkinlik nima o'zi?
    Klerfe jilmaydi:
    – O'zim ham bilmayman. Bilganim shuki, erkinlik degani ma'suliyat va maqsadsiz yashash, degani emas. Uning qandayligini bilgandan ko'ra qanaqa bo'lmasligini tushunish osonroq."

    Naqadar to'g'ri fikrlar. Yuqoridagi ta'rifdan so'ng  erkinlikni xayolimda aniq bir qolibda  ko'ra olmadim. 
    Klerfening o'zi suhbatlashmaydigan  singlisi obrazida jamiyatimizdagi ayrim xudbin shaxslarni ko'rdim. Ular uchun inson vafot etgandan so'ng qoladigan boyligi, uyi, joyi muhim. Hech birimiz bunaqa shaxslar oramizda yo'q deb aytolmaymiz.
    Roman juda ham samimiy va ayanchli. Men so'ngi varaqqa yetganimda ham uning davomi bo‘lishini va ularning hayoti boshqacha yakun topishini juda ham istadim. Men hali ham ularning hayoti bu qadar ayanchli va sokin yakun topganiga ishongim kelmayapti.

    Mushtariybegim Ismoilova

    Baholash: 0
Izohlar 0