Kitobman.uz - O'zbekiston Kitobxonlari
  • 7-may 2023 y. 17:01

    385

    Salkam 700 betlik kitobni tugatganimga ancha vaqt bo'ldi. Lekin xulosa yoza olmadim. Kompyuterim oldiga o'tiraman nimadurlar yozgan bo'laman, yoza olmayman. Bu kitob haqida fikrlarim bir tartibga sola olmadim. 


    Keyin Facebook dagi "Kitobxonlar davrasi" guruhi Timur Tangribergenovni "Ibtido" kitobidaga yozgan maqolasini menga yoqib qolib sizlarga ulashgim keldi. Meni xulosalarim ham shunday. Lekin bu fikran emas shunchaki kitobni xulosalari xolos. Maqola kerakli joylari ulashildi:

    “IBTIDO” ROMANI

    Dan Brown - Origin

    “Biz qayerdan paydo bo‘lganmiz?” (Dou Venons Nous)

    “Bizni oldinda nimalar kutmoqda?”(Ou Allons Nous)

    2017-yilning 3-oktyabrida “Doubleday” nashriyotida amerikalik triller ustasi Den Braunning “Origin” nomli yangi konspirologik, detektiv romani nashr qilinadi. 2018-yilda The New York times bestsellerlari reytingida 23 haftagacha birinchi o‘rinni hech kimga bermaydi. Kitobning dastlabki 2 million nusxasi darhol sotilib ketadi va qisqa vaqt ichida 42 ta tilga tarjima qilinadi. Barchaga ma’lumki, 2020 yilda roman o‘zbek tiliga ham (Orifa Gʻulomova tomonidan) tarjima qilinib, 2021 yilda Asaxiybooks tomonidan taqdim etilgan edi.

    Mazkur roman san’at va diniy simvolistika tarixi bo‘yicha professor Robert Lengdon haqidagi beshinchi kitob bo‘lib, uning navbatdagi sarguzashtlari Ispaniya hududida: asosan Barselonada, qisman BAA (Sharja) va Vengriya (Budapesht)da sodir bo‘ladi.

    “Ibtido” romani muallifning oldingi kitoblaridan ham qiziqarli va o‘tkir syujetli qilib yaratilgan. Asar hajmi yetti yuz sahifaga yaqin bo‘lsa-da, qisqa vaqt ichida o‘qib tamomlash mumkin bo‘lgan bestsellerlar sirasiga kiradi. Kuni kecha “Ibtido”ni ana shunday ishtiyoq va qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Endi esa uni tahlil qilib, taqriz yozishga harakat qildim.

    Lengdonning bu galgi xavfli sarguzashtlari va izlanishlari Ispaniya qirolligi oilasi va Ispan diniy jamiyati tevaragida bo‘lib o‘tadi. U duch kelgan kishilar asosan Ispan shahzodasi, uning bo‘lajak qallig‘i, ispan bosh diniy rahnamosi va qirollik saroyining muhim vakillari, sobiq harbiylar bo‘ladi.

    Den Braun har galgidek insoniyat tarixining ma’lum bir davri va shaxslarini badiiy to‘qima orqali qayta ishlaydi hamda o‘ta qiziqarli tarix yaratadi. Avvalgi romanlarida da Vinchi, Nyuton, Dante, Galiley kabi tarixiy shaxslarga murojaat qilgan yozuvchi, “Ibtido”da to‘g‘ridan-to‘g‘ri dunyoning yaratilishi, inson evolyusiyasi hamda uning kelajagiga nazar tashlaydi.

    “Biz – Homo sapiyenslar miloddan ikki yuz ming yil avval yer yuzida paydo bo‘lganmiz...” deydi uning qahramoni.

    Din va ateizm mavzusi D.Braun romanida yangi ko‘rinishda tahlil qilingani uchun ham shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Asar qahramoni, filantrop va futurolog olim, milliarder va kompyuter dahosi – Edmund Kirsh “daho”ligiga qaramay ateistik (xudosizlik) qarashlari bilan dunyo dinlari rahnamolariga tahdid soladi va ularni o‘zining “dahshatli ixtirosi” bilan ogohlantiradi, bundan tashvishga tushgan yahudiy, nasroniy va islom dini rahnamolari uni to‘xtatish harakatiga tushadilar.

    Lengdonning sevimli shogirdi butun dunyoni o‘ziga onlayn mixlab qo‘ygan “taqdimoti”da ikkita savolni o‘rtaga tashlaydi:

    “Biz qayerdan paydo bo‘lganmiz?”

    “Bizni oldinda nimalar kutmoqda?”

    Kirsh: insoniyat bundan buyog‘iga dinsiz yashashda davom etadi, unga endi dinlarning keragi bo‘lmaydi, ilm-fan davri keldi degan xavfli ixtironi ilgari suradi va bunga tarixdan misollar keltiradi.

    “Vatikan qanchalik yashirgani bilan alaloqibat, Galiley g‘alaba qozondi, uning ilmi olamga yoyildi”

    “Kashfiyotim Kopernik inqilobiga tengdir... Kopernik dunyo xaritasini o‘zgartirgan olim sifatida tarixda qoldi” deydi.

    Millionlab obunachiga ega taqdimotda Ibtidodan to hozirgi davrgacha bo‘lgan diniy tarixlarni, evolyusiyani tahlil qiladi, E-Wave nomli o‘ta yuqori tezlikdagi superkompyuter yordamida vaqtni oldinga surib, kelajak fantaziyasini namoyish etadi.

    “Bizning zamonamizda har oy ilmiy yangilik qilinadi. Insoniyat taraqqiyoti jadvali zich taqsimlangan” deydi.

    “Butun dunyo dasturchilarga qolajak” deb jar soladi.

    U o‘rtaga tashlagan ikkita savolni esa Kirsh rassom Pol Gogenning mashhur suratidan topadi. Va portretga yillarcha boqib yurib, o‘z kashfiyotiga turtki oladi.

    Romanning yangiliklaridan biri Sun’iy intellekt – Uinston obrazi bo‘ldi. U asarning boshidan oxiriga qadar, markaziy personaj bo‘lib qolib, barcha voqealarda faol ishtirok etadi. Dastlab, Kirsh bilan Lengdon uchrashuvida, so‘ngra taqdimotda, keyinroq esa Kirshning vasiyati yozilgan joyni izlash jarayonlarida insonga xos bo‘lmagan “aql salohiyati”ni namoyon etadi. Uinston – qomusiy bilim egasi, san’at va madaniyat bilimdoni, musiqa ham chaladi, asar ham yaratadi. Programmalar orqali xohlagan sistemasini boshqara oladi.

    “Kompyuter sabrining chegarasi yo‘q. Masalan, biror vazifani bajarishda million marta omadsizlikka uchrasam ham umuman qizishmayman. Ishtiyoqim aslo so‘nmaydi” deydi o‘zi haqida.

    “Kompyuter san’at asari yaratsa, uning muallifi kim bo‘ladi – kompyutermi yo dasturchimi?”

    “Bir kompyuter yozgan kitobi uchun naq yapon adabiy mukofotini qo‘lga kiritayozdi” deb suni’iy intellektlarni maqtab ham qo‘yadi. Lekin intellektga baribir inson hislari, yuragi yetishmaydi. Qanchalik daho bo‘lsa ham odamga aylana olmasligini sezamiz.

    Edmund Kirsh bu aqlli sun’iy intellektiga o‘z dahosini ko‘chirib o‘tkazadi, uni kelajak odami deb biladi, o‘z ishining davomchisi, merosxo‘ri qilib qoldiradi. Va “ixtirosi”ni Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill sharafiga Uinston deb nomlaydi.

    Kirsh o‘rta asrlar inkvizisiyasini ham, cherkovlar va ruhoniylarni ham tanqid ostiga olib, kelgusida barchasi tugab ketishini bashorat qilib, go‘yoki ulardan o‘ch olmoqchi bo‘ladi.

    “Unutma, ilm-fan va din raqib emas. Ular bir hikoyani so‘zlayotgan ikki tilga o‘xshaydi. Dunyoda ikkisi uchun joy yetadi” deydi Lengdon unga javoban.

    Boshqa bir ruhoniy Benya ota esa: “Bizni Xudo yaratgan! Va biz Xudoning qoshiga boramiz” deb javob qiladi.

    Demak, Kirsh ateist bo‘lgani bilan qalban Xudoga ishonadi. Faqat u alamzada. Onasining o‘limida dindorlarni sababchi deb bilgani uchun ulardan o‘ch olishni istagan.

    Romanni o‘qiganlar undagi tarixiy inshootlarni ko‘rishga qiziqishi tabiiy: Guggenhaym muzeyi, Palmaralar cherkovi, Sagrada familiya ibodatxonasi, Shahidlar vodiysi, Barselona superkompyuter markazi (Uinstonning fizik jismi) hozir ham mavjud.

    Xullas roman kutilmagan yakunga ega. Tashlangan jumboqlarni yechib olguncha, sirlarni ochguningizcha intriga tugamaydi.

    Asarning yutuq va kamchiliklarini ham sanab o‘tsam:

    – Sun’iy intellekt tobora jamiyatga kirib bormoqda, kelajakda u hayotimizda muhim o‘rin egallashi mumkin.

    – Suyak orqali ovoz o‘tkazish texnologiyasi (hozirgi Bluetoothlar va boshqa qurilmalar) ham allaqachon ommaga kirib bormoqda.

    – Bulut texnologiyasi

    – Haydovchisiz mashinalar

    – Besh atomli chiplar

    – Onlayn muloqotlar va kasblar, boshqa kasblarning yo‘qolib ketishi, elektromobillar va shunga o‘xshash yangi asr ixtirolarini ijobiy baholash mumkin.

    Kamchiliklariga kelsak:

    – Qirol va shahzoda obrazlari ortiqchadek bo‘lib qolgan.

    – Bu galgi kod yechishlar sal kamaytirilgan.

    – Ko‘pchilik uchun final ham kutilganidek chiqmagan.

    Den Braun ko‘p vaqtini Ispaniyada o‘tkazdi va 4 yil davomida ma’lumot yig‘ib yurib, romanga nuqtani qo‘ydi. Yakunda uni onasining xotirasiga bag‘ishladi.

    Baholash: 0
Izohlar 0