-
4-mart 2023 y. 17:48
208
Ram Muhammad Tomas 1 mlrd rupiylik savolga javob topib, viktorinada g'olib bo'ldi. Sizningcha, u bunga qanday erishdi?
A. U firibgar B. U omadli
C. U daho D. Taqdiri azal"Kim milliard yutib olmoqchi?"
Hindistonda hamma ushbu teleo'yinda qatnashishni qattiq istardi. U efirga uzatilgan payt, ekran qarshisiga deyarli butun mamlakat aholisi to'planardi. Barchaning niyati bitta edi: pullarni yutib olib, boyib ketish va farovon hayot kechirish. Lekin o'yin tarixida faqat bitta inson so'nggi savolga qadar yetib boradi va yutadi. Eng qizig'i, uning asosiy maqsadi g'oliblik emasdi. Bugun o'sha qahramon haqida gaplashamiz."Miya biz ishlatishga haqli organ emas"
Hindistondagi hayot haqida o'qisangiz, albatta ulkan xarobalar, o'ta qashshoq umr o'tkazuvchi aholi ko'z oldingizga keladi. Bosh qahramonimiz ham Mumbayning xuddi shunday xarobasida istiqomat qilardi. Ota-onasidan erta ayrilgan Ram, keyinchalik Salim ismli bolakay bilan tanishadi. Ular hayotda birga bor qiyinchiliklardan o'tib borishadi desam xato bo'lmaydi. Ammo kitobda aytilganidek: "Biz hindistonliklarda atrofimizdagi og'riq va qayg'uni ko'rish, ammo unga ahamiyat bermaslikdek ulug'vorlik bor". Aslida aynan ana shu mashaqqatlar unga keyingi ushbu viktorinada omad olib kelishi mumkinligini o'shanda Ram hayoliga ham keltirmagandi."Viktorina bilimni emas, balki xotirani sinaydi"
Men ham bu fikrga to'liq qo'shilaman. Unchalik aqlli bo'lmagan Ram Muhammad Tomas ushbu 12 ta savolga o'z xotirasi, o'tmishidagi voqealardan kelib chiqib javob beradi. Shuningdek, bir safar ikkinchi savolda boshlovchi Prem Kapur ham unga yordam tariqasida bilmaydigan savoli o'rniga, boshqasini, aynan u javobini biladigan savolni beradi. Bu ham uning omadidan darak edi. Shu tariqa birin-ketin savollarga javob berila boshlanadi. Ammo uning topqirligidan shubhalangan teleko'rsatuv ijodkorlari politsiyadan uni hibsga olishni va tovlamachilikda gumon qilishlarini talab qiladi. Lekin qattiq qiynoqlarga qaramay Ramning firibgarligini isbotlay olishmaydi. Haqiqatni esa Ram o'z advokatiga so'zlab beradi.Film va kitob talqinidagi farqlar
2008-yilda asar motivlari asosida ishlangan filmni nihoyatda katta ishtiyoq bilan tomosha qilgandim. Ammo u bizga biroz boshqacha talqinni berarkan. Unda rejissor o'z yo'lidan, ya'ni Gollivud ssenariynavislariga xos ekshndan foydalangan. Bu uslub keyinchalik filmga Oskar olib bergan bo'lsa-da, kitobdagi voqealar ham undan qolishmaydi. Men anchadan beri kitob va film bir xil bo'lishi kerak degan g'oyadan voz kechganman. Chunki bu imkonsiz. Asarda komediya, tragediya va drama aralashib ketgan. U ko'proq qahramonning his-tuyg'ulariga urg'u beradi. Va kitobda hammasi happy end bilan tugaydi. Bu ham filmdan farqli jihatidir.Asar @iftixorbooks nashriyotining ilk kitobi. Yosh nashriyot bo'lsa ham, shu kabi tez va ravon o'qiladigan asarlar chop etayotgani quvonarli hol. Kitobni detektiv va sarguzasht ishqibozlari o'z mustread'iga qo'shishlarini tavsiya qilgan bo'lardim. Yana shuni ogohlantirishim lozimki, asarda 18+ va sizga yoqmaydigan sahnalar mavjud.
Mening kitobdan xulosam shuki, ba'zan biz mashaqqat deb biladigan narsalarimiz, aslida bizga Yaratgan tomonidan berilgan sinov ekanini, bu xuddi viktorinada to'g'ri savollarga javob berib, nihoyat o'z mukofotini qo'lga kiritgan Ram Muhammad Tomas kabi taqdir kutayotgani unutmasligimiz lozim. Asar falsafasi menga juda manzur bo'ldi.
Demak, mening qat'iy javobim: D. Taqdiri azal shunday
Yoqimli mutolaa!
Izohlar 0