-
4-mart 2023 y. 17:37
221
Hech shunday bir taom yeganmisiz, u shundayinki, endi taomlana boshlagan paytingizda ta'mi unchalik sezilmaydi, go'shtini uzoq vaqt chaynaysiz, sho'rvasi ham el qatori oddiy. Keyin esa astalik bilan uning shirasi chiqa boshlaydi, har bir xo'plam, har bir luqmangizda taomga solingan hushbo'y ziravorlar, sarxil mahsulotlarning xushta'mligini oshib boradi va... so'nggi luqmangizga yetib kelarkansiz, tillaringiz ushbu ovqatning haqiqiy mazasini his qiladi, lazzat degan tuyg'u vujudingizni qamrab oladi. Oxirida bo'shab qolgan idish ustida sekin labingizni artib, duo o'qib dasturxondan nari ketarkansiz, beixtiyor oshpazga minnatdorchilik bildirib qo'yasiz. Qisqacha, men ushbuni o'qib shunga o'xshash ahvolga tushdim.
Bu Sabohiddin Ali ijodiga ilk sayohatim bo'ldi. Tan olish lozimki, so'zlarni tanlash va voqealarni bayon qilish stilistikasi o'ziga xos. Albatta, o'zi ham Germaniyada bir muddat yashagan va vaqtida rus klassik adabiyoti bilan yaqinda tanish ekanligi ham seziladi. Go'zal va alamli ishq qissasini mohirona ochib bergani ham insonning ich-ichida yashirin, pinhon tuyg'ularini yalang'och ko'rsata olgani uchun ham manzur bo'ldi bu asar.
Kitobning o'ziga ham yaxshi xulosa bergan bo'lardim: turk nashriyotida ishlab chiqilgan, go'zal muqovali va nihoyatda sifatli qog'ozdan foydalanilgan, ushlagangizdayoq san'at asari ushlagandek bo'lasiz. Tarjima borasida ham muammo ko'rmadim, so'zlar ravon va hissiyot bilan o'qildi, ma'nolar qalbgacha yetib keldi.
Kitob syujetini spoyler qilmoqchi emasman, lekin Rauf afandiga achindim. Uning achchiq taqdiriga, yo'qotilgan yillariga achindim. Lekin o'tgan narsani ortga qaytara olmaysan, sen bilan faqat pushaymonlar qoladi. Afsuski, bizga bu hayotda aslida nima eng aziz ekanligini, odatda o'shani yo'qotgan lahzamizda anglaymizku...
Yoki Rauf afandi aytganidek. "Hayot bu faqat bir marta o'naladigan qimor, uni ikkinchi marta o'ynay olmaysan".
Barchangizga go'zal ishq xotimasi tilayman, do'stlar!
Izohlar 0