Kitobman.uz - O'zbekiston Kitobxonlari
  • 4-mart 2023 y. 16:42

    118

    Asrlar davomida tarixchilar, iqtisodchilar va faylasuflarni xavotirga solib kelgan savollardan biri shunday: jahondagi tengsizlikning kelib chiqish sababi nima, nega umumboyliklar dunyo mamlakatlari va mintaqalari bo‘yicha notekis taqsimlangan? "Mamlakatlar tanazzuli sabablari” kitobi mualliflari bu savolga javob berishga harakat qilishadi. 

    Ularning izlanishlari xulosasi shuki, davlatlarning farovonlikka erishish darajasi ijtimoiy institutlarning rivojlanish darajasi bilan o'zaro yaqin korrelyatsiya qilinadi. Ya'ni uning qanchalik inklyuzivligiga bog'liq. Bu fuqarolar, turli ijtimoiy guruhlarning umumxalq mulkiga teng ega bo'lishini anglatadi. 

    Ko'pchilik iqtisodchilar va politologlar mamlakatlar tanazzuliga sabab qilib turli xil omillarni: geografik noqulay joylashuvi, diniy va madaniy o'ziga xosliklar, nomunosib rahbarlarni keltirib o'tishadi. Mualliflar bu faktorlarni rad qilishadi va yorqin misollar orqali bizni yangi dunyoning qanday tuzilgani haqida boshqacha qarashga undaydi. Ayniqsa, Janubiy va Shimoliy Koreya misolida bu faktorlar ishlamasligini ko'rishimiz mumkin. 

    Ekstraktiv institutlar esa inklyuzivdan farqli o'laroq keng ommani umumboylikdan tushadigan daromad taqsimotidan chetlashtirishga harakat qiladi. Ular elitadan tashqari barchaga iqtisodiy munosabatlarda ishtirok etishdan foyda olishiga to'sqinlik qiladi, o'sha uchun ham ular jamiyatdan qandaydir miqdorda "ekstrakt" ya'ni o'simlikdan maxsus suyuqliklarni siqib olishgani kabi so'rib olishadi. Buning natijasida atigi bir hovuch guruhning o'ta darajada boyishiga, xalq esa qashshoqlashiga olib keladi. Bunday institutlar hukmronligi ostida kapitalistlar samarali ishlab chiqarish hisobiga emas, balki biznesni monopoliyalashtirish evaziga boyiydi. Lobbizmning kuchayishi natijasida uni qo'llab-quvvatlagan ba'zi politiklar oladigan oylik maoshi darajasiga qaraganda ancha boyroq yashay boshlaydi. Ajemog'lu/Robinson fikriga ko'ra, mamlakatda o'rnatilgan o'yin qoidalari jamiyat farovonligiga to'g'ridan-to'g'ri ta'sir qiladi. 

    Tan olish lozimki, kitob nashr qilinganiga ancha vaqt bo'ldi. Ba'zi ma'lumotlar tabiiyki eskirdi, ammo u haligacha tarixiy sotsiologiya janri bo'yicha bestseller sifatida ko'riladi. U unikal emas, ammo mualliflar haqiqiy professional deyish mumkin. 

    Kitob ilmiy-ommabop ya'ni oddiy o'quvchi ham gap nima haqida ekanllgini tushunadigan stilda yozilgan. Uni o'qib aslo zerikmaysiz va boshqalarga ham bemalol tavsiya qila olasiz.

    Yoqimli mutolaa!

    Baholash: 0