-
16-yanvar 2022 y. 21:32
303
Bu asar Tehronda tug'ilgan, ammo Eronda bo'lib o'tgan Islom inqilobidan so'ng Londonga ko'chib ketgan jurnalist Ramita Navai tomonidan yozilgan.
Asarda Eron Islom Respublikasi poytaxti Tehron shahri istiqomat qiluvchi yoki hayoti shu shahar bilan bog'langan bir qancha insonlar taqdiri hikoya qilingan. Albatta ularni ismlari o'zgartirilgan.
Bugungi Tehron qanday shaharligini tushunish, uni o'rni haqida bilish uchun avvalo tarixga murojaat qilish kerak. 1979-yilda Eronda inqilob bo'lib o'tadi. Unda monarxiya ag'darilib o'rniga Islomiy Respublika tashkil etiladi. Rasmiy davlat dini sifatida islomning shia yo'nalishi belgilanadi. Mamlakatda har qanday qonunlar din asosi(ko'p hollarda fatvolar asosida)da qabul qilinadi. Tehron esa 13 mln aholisi bilan(96% shialar) Eronning siyosiy, diniy, moliya, sanoat markazi hisoblanadi. Jamiyat hayotidagi diniy, madaniy, siyosiy va har qanday yirik o'zgarishlar aynan shu yerdan boshlanadi.
Asarga qaytsak. Muallif yillar davomida Tehronda o'tkazgan vaqtida ko'plab tehronliklar bilan muloqot qiladi, ularni taqdiri bilan qiziqadi va Eron shu jumladan Tehronni hozirgi ahvolini, jamiyat turmush tarzini aynan shu insonlar taqdirini hikoya qilib ko'rsatib berishga harakat qiladi. U Vali Asr shox ko'chasini, shaharni boshqa ko'chalarini, mahallalarini, tabiatini, masjid va do'konlarini chiroyli qilib ifodalab beradi. Asarda hikoya qilinadigan har bir qahramon haqida o'qiyotganda kitobxon shu qahramon hayoti bilan yashagandek o'zini his qiladi, uning ayanchli va shavqatsiz taqdirining bir qismidek bo'lib qoladi. Bu qahramonlar jamiyatni turi xil qatlamlari vakillari bo'lib, ularni hayotiga kirib borgan sari Tehron qanchalik xavfli, ochiq, "gunoh" qilish tabiiy qabul qilinadigan shahar ekanligi ayon bo'ladi. Insonlar ularni muqarrar o'lim jazosini kutishini bilsalarda faxshga chuqur berilib ketishadi. Tehronda jamiyat, qonunlar islomiy bo'lsada faxsh, giyohvandlik, jinoyatchilikka ko'z yumiladi. Inson hayoti hech qanday qiymatga ega emasdek ko'rinadi.
Insonlar yashab qolish uchun doimiy yolg'on gapirishga majbur bo'lishadi.
Ushbu kitobni o'qigan kitobxonni Eron, Tehron haqidagi qarashlari, fikrlari mutloq o'zgarib ketishi mumkin(balkim din haqidagisi ham).
Xulosa. Eron, forslar madaniyati, jamiyati bizniki bilan juda o'xshash, shu sababli ham ushbu kitobni o'qishga arzidi. Faqat bir narsani yodda tutish kerak: musulmonlardan islomni izlamaslik, musulmonlarga qarab islom haqida hukm chiqarmaslik kerak!
Izohlar 0