-
31-oktabr 2021 y. 15:27
1609
“Men yoshman - endigina yigirmaga kirdim, lekin koʻrganlarim qon, oʻlim, qoʻrquv va mudhish azob-uqubatdan iborat nursiz, bemaqsad hayot boʻldi. Kimdir bir xalqni ikkinchisiga gij-gijlaydi, odamlar birovning irodasiga boʻysunib, bir-birini oʻldiradi, lekin jinoyat qilayotgani va gunohga botayotgani haqida oʻylamaydi. Insoniyatning eng dono vakillari yangi-yangi qurollarni yaratadi va buni oqlash uchun qop-qop soʻz topadi. Jazosini biz tortamiz, Yer yuzidagi jamiki tengdoshlarim tortadi”.
Shu asari tufayli Germaniya kutubxonalaridan barcha kitoblari badarg'a qilingan, mamlakat adabiyot olamida "zapretlar"ga tushishiga sabab bo'lgan mashhur yozuvchi Remarkning "G'arbiy frontda o'zgarish yo'q" romanini nihoyta o'qib tugatdim.
Asarni o'qib boshlar ekanman, Remarkka bu kabi taqiqlarning nega qo'yilganini tushunganday bo'ldim. Chunki Remarkning urushi boshqacha. Unda shavkatli qahramonlar, buyuk dohiy yoki qattol dushman yo'q. Unda oddiygina odamlar, kichkina yuraklardagi ulkan orzular bor. Lekin biz bilgan urush qani? Axir, bizga doimo urush boshqacha narsa ekanligini ko'rsatib kelishganku. Biz urush haqida bir nechta fantastik Gollivud filmlari (yaxshilari emas, ayrimlari) va bir qancha suratlardan bilamiz. Mana ikkinchi avloddirki, urush neligin bilmay yashayapmiz. Biz uchun urush - bu romantika, urush - bu chiroyli mundirni kiyib, g'oz qadam tashlab yurishdan iborat, xolos. Biz shunday o'ylaymiz.
Remarkning ushbu asarini o'qigach esa sizning urush haqidagi barcha fantaziyalaringiz, xuddi asar qahramonlariniki kabi bir zumda g'oyib bo'ladi. Albatta, urushning eng oldi saflarida, ya'ni frontda jang qilayotgan odamlar dunyodagi eng oliyjanob va yaxshi odamlar bo'lishi mumkin. Ammo urush va jangning o'zi - bu birinchi navbatda qo'rquv, o'lim va qotillikdan iboratdir.
Asarning o'ziga bevosita to'xtaladigan bo'lsam, u birinchi navbatda juda yaxshi syujetga ega. Qahramonlar darhol esda qoladi va oson tushuniladi. Menga bosh qahramondan ko'ra, Stanislav Katchinskiy obrazi ma'qul keldi. Ochig'i, hayotda o'zimning xuddi Kat kabi mard, aqlli va ishbilarmon o'rto'gim bo'lishini xohlagan bo'lardim. Okop va jang sahnalarini Remark o'ziga xos, hech qanday hashamatsiz, oddiy ta'riflagan, Ayniqsa bosh qahramon okopda o'zi o'ldirgan fransuz askari bilan muloqoti juda ta'sirli chiqqan.
O'zi aslida kitobni 9-may xotira bayramiga bag'ishlab o'qiy boshlagan edim. Taqdir taqozosi bilanmi o'ylab qarasam, ushbu asar shuningdek, hozirgi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ba'zi masalalarga ham o'ziga xos javob bo'la olarkan. Dunyoning ba'zi hudularida urush va zo'ravonlikni olqishlayotganlar hech qursa, bir bora Remarkning shu kitobini varaqlab chiqishlarini maslahat bergan bo'lar edim.
peace.
Izohlar 0