Kitobman.uz - O'zbekiston Kitobxonlari
  • 31-oktabr 2021 y. 14:56

    552

    "Ba'zan ular meni "mo'jizalar qahramoni" deb atashadi, hamma narsa xuddi ertakdagi kabi amalga oshadi deb o'ylashadi. Ammo mening hayotim "mo'jizalar"dan uzoqdir. Mening hayotim qiyin yo'l, uzoq yo'l, azob va sabr-toqatga to'la. Men har kuni o'zimga va tushimga ishonmay, bu yo'lda o'jarlik va dadillik bilan yurardim. Mening hayotim - bu muvaffaqiyatga qat'iy ishonch bilan doimo oldinga siljish, u har qanday to'siqlarni engib o'tish va muvaffaqiyatsizliklar va vaqtinchalik mag'lubiyatlar paytida umidsizlik va umidsizlikni o'zimdan olib tashlash qobiliyatidir."

    Koreyaning 10-Prezidenti Li Myon Bak 2008-2013-yillarda mamlakatni boshqargan shaxsdir. Uning davrida bizning mamlakatlarimiz orasida o'zaro munosabatlar juda iliqlashgandi va natijada Li Myon Bakning avtobiografik asari bo'lmish — "Mo'jiza sodir bo'lmaydi" o'zbek va rus tillarida yurtimiz kutubxonalariga tarqagan edi. O'shanda oyim kutubxonachi bo'lib ishlar va menga o'sha kitobni olib kelib bergandi. Keyinchalik O'zbekiston kanalida Li haqida ishlangan maxsus serial ham namoyish etilgandi.

    Xalqaro munosabatlarda "soft power" degan tushuncha bor. Buni sizga qisqa qilib tushuntirsam, boshqa mamlakatlarga ta'lim va ijtimoiy sohalarga ko'mak berish orqali ta'sir o'tkazish degan ma'no ya'ni nomidan ham "soft" o'zbekchada "yumshoq" degan ma'noni bildiradi. Bu kitob ham bizga qarata ishlangan soft power qurolidan boshqa narsa emasdi, deb o'ylayman. Ammo har qalay bu kitobdan olsa bo'ladigan narsalar bor.

    Li Myon Bakning bolaligi o'ta qashshoq o'tgan. Universitetni tugatgunga qadar, har kuni qashshoqlik bilan bog'liq muammolarni hal qilishga majbur bo'lgan. Va taqdir taqozosi bilan uni "Hyundai"ga yaxshi ishga qabul qilishadi. Keyin deyarli o'ttiz yil davomida tanlangan biznesda faoliyat yuritadi. 20-30-yillarda - bosh direktor sifatida, 40-yillarda - kompaniya prezidenti sifatida kompaniya boshqaruviga a'zo bo'ladi. 50-yillarda Koreya Parlamenti a'zosi, 60-yillarda Seul meri etib saylanadi. 

    Ha, qiyin o'tgan bolalik, qattiq mehnat va yaxshi motivatsiya beradigan kitob. Lekin kitob hozir ma'nan eskirgan deb hisoblayman. Ammo avtobiografiya ishqibozlari istasa o'qishi mumkin. Lekin nega bu taniqli shaxsning hamma gapiga ham ishonishni tavsiya qilmayman. Chunki 2018-yil 5-oktabrda Seul sudi sobiq prezidentni korrupsiyada ayblab, 15 yilga ozodlikdan mahrum qilish va 11,5 million dollar jarima jazosiga hukm qiladi. 2020-yil 29-oktyabrda Oliy sud Lining 17 yillik poraxo'rlik va o'g'irlik jazosini, shuningdek, 11,4 million dollar jarima va qo'shimcha 5 million dollar undirishni o'z kuchida qoldiradi. Har qanday davlatda bu kabi holatlar sodir bo'lishi mumkin, zero inson psixologiyasini o'rganadigan bo'lsangiz, hamma joyda bu o'xshashligiga amin bo'lasiz.

    Ha, mo'jizaning oxiri mana shunday tugadi. U mo'jizaviy qahramon, emas shunchaki oddiy bandaligini hayot ko'rsatib berdi. Lekin Li Myon Bak bitta narsada haq edi: Hayotda mo'jiza sodir bo'lmaydi...

    Yoqimli mutolaa!

    Baholash: 0
Izohlar 0