Kitobman.uz - O'zbekiston Kitobxonlari
  • 31-oktabr 2021 y. 15:24

    323

    Ushbu asar sobiq SSSR davrida eng ko'p urushlarni o'z boshidan kechirgan kichik Gruziya mamlakatida 2000-yillar boshida olib borilgan islohotlar haqida batafsil hikoya qiluvchi hujjatli kitob.

    Kitob 2011-yilda yozilgan va u paytda Mixail Saakashvili hali hokimiyat tepasida edi. U inson haqida MDH siyosatchilari orasida turli bahs-munozaralar yuradi. U siyosatchi sifatida mamlakat tepasiga 2004-yilda o'tkazilgan rangli inqilob - "Atirgullar inqilobi" orqali kelgandi. Va u darhol o'zini o'ta liberal islohotlarini o'tkaza boshladi. U va uning jamoasi mamlakat hududida tezlik bilan xususiylashtirish va byurokratiyaga nisbatan keskin kurashish siyosatini yurita boshlashdi. Natijada Gruziya iqtisodi tez sur'atlarda o'sa boshladi va korrupsion holatlar miqdori keskin kamaydi.

    Odatda ijtimoiy-siyosiy olamda tez-tez "Osiyo yo'lbarsi" yoki "gruzin mo'jizasi" kabi terminlar ishlatilganda va bizning yurtda ham shunday bo'lishini xohlaganimda bu metodlar bizga qanchalik mos kelishi haqida o'ylayman. Albatta, men ba'zilar kabi bizning "o'zimizga xos va mos yo'limiz" bor deya safsata so'qimayman. Sababi oddiy. Chunki bunday yo'l hech kimda mavjud emas. Faqatgina bazaviy iqtisodiy va matematik qonunlar bor xolos. Ular aniq va adolatli ishlasa kifoya.

    Kitobdagi ko'pgina reformalarni bizning yurtimizda ham amalga oshira olsak, menimcha hamma bunday rozi bo'ladi. Lekin bu darajada tez emas, chunki biz oldindan "Shok terapiyasi" kabi metodlardan holi bo'lib kelganmiz va bu jamiyatda qanday aks ta'sir o'tkazishi haqida bizda umuman ilmiy asoslar mavjud emas. Bir so'z bilan aytganda Saakashvili o'z vaqtida o'tkazgan reformalar shu vaqtda va aynan Gruziya uchungina mos kelardi. 

    Kitobda menga yoqqan islohotlardan biri  korrupsiyaga qarshi kurashishda tutilgan yo'l bo'ldi. Bular:
    - davlat hodimlari oyliklarini bir necha 10 barobarga oshirish;
    - keraksiz va funksiyalari takrorlanuvchi tashkilotlarni tugatish yoki maqbullashtirish.

    Mening nazarimda, korrupsiyani eng avvalo moddiy ta'minotni yaxshilash orqaligina yengish mumkin, undan keyin mayli turli xil ma'naviy yoki psixologik yo'llardan foydalanilsin.

    Larisa Burakovaning asarida menga yoqmagan asosiy jihatlar bu — rangli inqilobni haddan ziyod oqlash va uning yutuqlarini bo'rttirib ko'rsatish bo'ldi. Lekin tarixdan bilamizki, inqiloblar hech qachon yaxshi bo'lmaydi. Menga asar biroz shuni propaganda qilayotgandek tuyuldi. Balki men siyosatshunos nuqtai nazaridan juda ham chuqur yondoshib yuborgandirman. Ammo uning qisqa muddatdagi samarasi kelajakda qimmatga tushishi ham bor gap. Shunday ekan, ba'zida voqeaga turli tarafdan yondoshgan holda umumiy xulosani berish maqsadga muvofiq bo'ladi. Hayotda mutlaq obektiv bo'la olmasligimiz ham ayni haqiqat. 

    Xulosa:
    Asar o'qishli, mulohaza va solishtirish maqsadida juda qulay, ammo foydalanish uchun qo'llanma bo'la olmaydi.

    Baholash: 0
Izohlar 0