Normurod Norqobilov
Tug'ilgan sanasi: 7 - iyun, 1953 Davlati: O'zbekiston
Normurod Norqobilov 1953 yil 7 iyunda Qashqadaryo viloyati, Yakkabogʻ tumanidagi Qishliq qishlogʻida tugʻildi. Harbiy xizmatda boʻlib qaytgach (1971–1973), zavod-fabrikalarda slesar, temir yoʻl depolarida vagon tuzatuvchi, stansiyalarda yuk tushiruvchi boʻlib ishladi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetida tahsil oldi (1976–1982).1982–1983 yillarda “Toshkent oqshomi” gazetasida xizmat qildi. 1983 yildan eʼtiboran Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasida faoliyat yuritib keladi. U bu yerda “Temur gʻori”, “Ikki daryo oraligʻida”, “Tamaddun izlari” nomli ekspeditsiya yoʻnalishidagi koʻrsatuvlar tayyorlash jarayonida Oʻzbekistonning koʻpgina togʻ-adirlari, qirlari, dala-dashtlarini qadamba-qadam kezib chiqdi. Hayvonot-nabotot dunyosini oʻrgandi. Va bu narsa keyinchalik dunyoga kelgan “Changalzor iti”, “Oqboʻyin”, “Togʻ odami”, “Paxmoq”, “Ovul oralagan boʻri” kabi qissalarida oʻz aksini topdi. Bulardan tashqari adibning yana “Unutilgan qoʻshiq”, “Zangori koʻl”, “Yuzma-yuz”, “Temir gʻori”, “Arazchi chumchuq”, “Sariqgul”, “Joʻshqin daryo”, “Bekatdagi oq uycha”,“Boʻron qoʻpgan kun”, “Dashtu dalalarda”, “Togʻdagi yolgʻiz odam”, “Amir Temur izidan” kabi roman, qissa, hikoya va maqolalar toʻplamlari nashr etildi. Bir qator asarlari rus, qozoq, qirgʻiz, turk, tatar, ingliz, arab tillariga tarjima qilindi. Bolalarga bagʻishlangan hikoyalari qirgʻiz, qozoq maktablari boshlangʻich sinflar darsliklariga kiritildi. “Quyoshi botmaydigan yurt”, “Belbogʻ”, “Shim yoxud xotinlar janjali” kabi videofilmlar uning asarlari asosida tasvirga olindi. Normurod Norqobilovning koʻpyillik xizmatlari Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi unvoni hamda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.