Kitobman.uz - O'zbekiston Kitobxonlari
  • 4-mart 2023 y. 17:45

    186

    Qo'limda so'nggi tosh qoldi,
    Ko'ngilda so'nggi intilmak,
    Ko'zimda so'nggi yosh qoldi,
    Kuchimda so'nggi talpinmak!
    (Cho'lpon)

    Ochig'i, so'nggi oylarda o'qigan ajoyib ilmiy-ommabop asarlarimdan biri. Adib Xolidning yangi kitobi zamonaviy tariximiz uchun burilish nuqtasi — XX asrning 10-30-yillari haqida so'z yuritadi. U paytda hali Markaziy Osiyo yagona, o'zaro chambarchas bog'liq millat-elatlardan iborat jonli organizm bo'lib, ziyoli qatlam xalq kelajagi uchun kurashga bel bog'lagandi.

    Asar jami 12 ta ajralmas va shu bilan birga alohida mavzularga bag'ishlangan bobdan iboratdir. Shu joyda tarjima haqida o'z iliq fikrlarimni bildirsam: kitob xuddi asl o'zbek tilida yozilgandek taassurot qoldiradi. Imlo xatolari, g'aliz jumlalardan xoli matnda mazza qilib o'tmishga sayohat qilish mumkin.

    Adib Xolid mintaqa tarixi to'g'risida ko'plab ishonchli manbalardan foydalanganligi undagi havolalardan ham ko'rinib turibdi. Hatto ba'zi arxiv manbalari oldin sira oshkor qilinmagan. Xullas, biz darsliklarda o'qigan tarix ushbu batafsil qo'llanma oldida hech narsa yaramasligini bildim. Kitobni o'qigan tarix ixlosmandlari O'zbekiston tarixi bo'yicha qimmatli ma'lumotlarga ega bo'ladi deb ishonaman. 

    Asarni o'qirkanman, meni afsuslantirgan bir holat shu bo'ldiki, o'sha davrda biz jahon ommasidan naqadar ortda qolganimiz, sivilizatsiyalardan uzilib, johillik va zolimlik botqog'iga botganimizni anglash edi. Millatning atigi 3%igina ilmli ekani ham qayg'uli raqam aslida. Bizning bu g'aflati uyqumiz keyinchalik bizga juda qimmatga tushadi. Bu haqda jadid bobomiz Munavvarqori shunday degan edi: "Bizni bu g'aflat va jaholatimizdan yovrupolilar istifoda etub qoʻlimizdan hukumatimizni olg'onlari kabi kasb va tijoratimizni ham ohista-ohista olmakdadur. Oʻzimiz va millatimiz va avlodimizni muhofazati uchun tezdan ahvolimizni islohig'a sa'y va gʻayrat qilmasok, istiqbolimiz nihoyatda mushkildur".

    Shuningdek, muallif jadidlar faoliyati, ularning muxtoriyatga qanday intilganlari, F.Xo'jayev rahbarligida qisqa umr ko'rgan BXSR hukumati haqida o'ta qiziqarli fikr va faktlarni keltiradi. Va ushbu yorqin oxir-oqibat nima bilan tugaganini bizga hikoya qiladi.

    Ozodlik - juda shirin so'z, buni jadid bobolarimizchalik yaxshi tushungan insonlar bo'lmasa kerak. Jadidlar eng avvalo xalqning ma'nan ozodligi, fikr va so'zlarni erkin ifoda etish huquqi va vijdon erkinligi uchun kurashishgan. Ular hamisha Turkistonda dunyoqarashi keng, tolerant, bag'rikeng, ilmli va diyonatli millatni ko'rish umidida yashaganlar. Uzoq yillar mudrab yotgan ongimizdagi mustaqillik tushunchasini uyg'otishga esa o'z umrlarini fido qilganlar. Chunki busiz hech qanday mustaqillikka erishib bo'lmasligini yaxshi anglaganlar. Ya'ni xuddi kitobda aytilganidek: 

    "Ong o'zgarmaguncha boshqa o'zgarishlar negiz tutmas".

    Yoqimli mutolaa!

    Baholash: 0
Izohlar 0